Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kibermadaniyatni yuksaltirish – dolzarb vazifa
15:55 / 2025-11-06

Navoiy viloyati hokimligi va viloyat IIB tomonidan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada jonlantirish yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda oylik doirasida fuqarolarni ogohlikka undash, internetdagi huquqbuzarliklarning oldini olish, kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. 

Ta’kidlanganidek, kiberjinoyatlar joriy yilning o‘tgan o‘n oyida Navoiy viloyatida jami sodir etilgan jinoyatlarning 40,2 foizni tashkil etadi. 

Tahlillarga ko‘ra, axborot texnologiyalari sohasida sodir etilayotgan jinoyatlarning 69,7 foizi Navoiy va Zarafshon shaharlari, Karmana hamda Xatirchi tumanlariga to‘g‘ri keladi.

– Keyingi yillarda sodir etilayotgan jami jinoyatlarning orasida internet va kompyuter texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlar keskin oshib bormoqda, – deydi viloyat IIB axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Anvar Salomov. – Murojaatlar dinamikasi shuni ko‘rsatmoqdaki, aholini kiberjinoyatlardan ogohlantirish maqsadida doimiy tarzda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish lozimligini taqozo etmoqda. Axborot texnologiyalari sohasida sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar sodir etish usuli va turlari, jabrlanuvchilarning ish joyi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tahlil qilinib, targ‘ibot ishlari tashkil qilinmoqda. Ayni paytda viloyat miqyosida axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar asosan “APK” zararli viruslari, “SIPtelefoniya”, “onlayn savdo”, “soxta treding” usullari orqali sodir etilmoqda.

Jinoyatlar tahlil etilganda, ularning aksariyati jabrlanuvchilarning o‘z harakatlari va ehtiyotsizligi oqibatida sodir etilayotganligi ma’lum bo‘lmoqda. Ayniqsa, o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirib, aldov yo‘li bilan fuqaroning telefon qurilmasiga masofadan boshqarish dasturini o‘rnatish orqali uning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirish, shuningdek, soxta veb-saytlar orqali fuqaroning bank kartasi ma’lumotlari hamda tasdiqlash kodini olish holatlari ko‘payib bormoqda. 

[gallery-26106]

Matbuot anjumanida viloyatda kiberjinoyatlarning oldini olish hamda aholining huquqiy madaniyatini, jumladan, kiberxavfsizlik borasidagi bilim va tushunchasini oshirish maqsadida ichki ishlar xodimlari, OAV vakillari hamda blogerlar hamkorligini yanada mustahkamlash lozimligi, bu borada ijtimoiy roliklarni ko‘paytirish va barcha kontentlarda tarqatish zarurligi ta’kidlandi. 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari