Joriy yil 1-30 noyabr kunlari mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” munosabati bilan Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi tashabbusi bilan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari mas’ullari, bank muassasalari vakillari hamda OAV va blogerlar ishtirok etdi.

Anjumanda viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Abduvoxid Ismoilov bugungi kunda raqamli texnologiyalar hayotning barcha sohalarida katta ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Biroq raqamlashuv jarayoni jadallashgani sayin internet va kompyuter texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlar soni ham oshib borayotgani qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda kiber xavfsizlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentning tegishli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining dasturiga muvofiq, har yili noyabr oyi “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” sifatida belgilab berilgan. Shu maqsadda Qashqadaryo viloyat hokimining tegishli farmoyishi qabul qilinib, sohaviy vazifalar yuklatilgan.

Ayni paytda viloyatdagi korxona va tashkilotlar, mahallalar va ta’lim muassasalarida kiberjinoyatlarning oldini olish, aholining kibergigiyena madaniyatini oshirish bo‘yicha keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.

Tadbirda ta’kidlanganidek, kiber tahdidlardan himoyalanish va jinoyatlarning oldini olishda fuqarolarning xabardorligini oshirish, ularda kiber xavfsizlik bo‘yicha immunitet shakllantirish muhim. Bu borada barcha idoralar, jamoat tashkilotlari va fuqarolarning hamkorligi katta ahamiyatga ega.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri