Kecha poytaxtimizda boshlangan “Raqamli transformatsiya davrida huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida zamonaviy chaqiriqlar va tahdidlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bugun Samarqand shahrida “Kiberjinoyatlarni tergov qilishning dolzarb masalalari va ijobiy tajribasi mavzusidagi xalqaro davra suhbati bilan davom etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, IIV, DXX, Markaziy bank, YeXHT, BMTning Narkotik vositalar va jinoyatchilik boshqarmasi, AQSH Adliya vazirligi huzuridagi narkotik vositalarga qarshi kurash federal agentligi, Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi tergov qo‘mitalari, Ispaniya Qirollik fuqarolik gvardiyasi, Koreya Respublikasi prokuraturasi, Tojikiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Belarus Respublikasi sud ekspertizasi davlat qo‘mitasi, Booking.com va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Belarus Respublikasida kiberjinoyatlarni tergov qilish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajriba, AQSHda kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kiberxavfsizlik tahdidlarini monitoring qilishdagi o‘rni, kiberfiribgarlik sodir etilishida ijtimoiy muhandislik usullaridan foydalanish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, raqamli dalillarni yig‘ish hamda tahlil qilish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash sohasida mutaxassislar tayyorlash kabi masalalar muhokama qilindi.
[gallery-23982]
Ishtirokchilar o‘z tajribalari, xalqaro va mahalliy amaliyotdan kelib chiqib, mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Birgalikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olinib, taklif va tavsiyalarni ishlab chiqildi.
Ta’kidlash lozimki, xalqaro konferensiya Huquqni muhofaza qilish akademiyasining xalqaro ekspertlar ishtirokida professional muloqotni rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va qonuniylik hamda xavfsizlik sohasidagi muammolarni hal etishga qaratilgan samarali yechimlarni ishlab chiqish borasidagi izchil sa’y-harakatlari davomiyligini yana bir bor namoyon etdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari