Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kiberjinoyatlar soni 68 barobarga ko‘paygan
10:34 / 2026-01-22

Bugun mamlakatimizda 31 milliondan ortiq aholi internetdan foydalanmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi besh yilda yurtimizda kiberjinoyatlar soni 68 barobarga ko‘paygan. 2025 yilning o‘zida 46 mingdan ortiq kiberjinoyat aniqlangan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trillion so‘mdan oshgan. Bu raqamlar ham davlat organlaridan mazkur sohaga kengroq e’tibor qaratish hamda zarur choralarni ko‘rishni taqozo etmoqda.

Shu yil 13 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini raqamlashtirish sharoitida kiberxavfsizlikni ta’minlash va milliy raqamli infratuzilmaning barqarorligini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlanib, mutasaddilarga shaxsga doir ma’lumotlar va raqamli tizimlar himoyasini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash vazifasi topshirildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Kiberxavfsizlikni ta’minlash va milliy raqamli infratuzilmalarning barqarorligini mustahkamlashdagi ustuvor vazifalar” mavzusidagi davra suhbatida kiberxavfsizlikni ta’minlash, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish, shuningdek, shaxsga doir ma’lumotlar va raqamli axborot himoyasini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.  

Tadbirda bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarga oid ma’ruzalar tinglandi.  

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlashda kiberxavfsizlik talablarini takomillashtirish, sohadagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirish, uning profilaktikasiga e’tiborni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.  

Kiberjinoyatchilikning yangi turlariga qarshi samarali kurash olib borish, huquqni muhofaza qilish organlarining kiberjinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirish, ularning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish zaruratiga e’tibor qaratildi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA