Raqamlashtirish jarayonlari rivojlanayotgan davrda axborot texnologiyalari vositasida sodir etilayotgan jinoyatlar yildan-yilga ko‘paymoqda. An’anaviy jinoyatlarning kiberjinoyatlarga transformatsiyasi kengayib borayotgani kuzatilmoqda. Ularning oldini olish tizimini muntazam takomillashtirib borishni taqozo etmoqda.
Xususan, respublikamizda so‘nggi besh yilda (2021-2025 yillar) kiberjinoyatlar o‘n bir baravar (4 ming 865 tadan 62 ming 440 taga) oshgan.
Mazkur jinoyatlar natijasida (2021-2025 yillarda) fuqarolarga 3 trillion 730 milliard so‘m zarar yetkazilgan bo‘lsa, shundan yarmi (1 trillion 890 milliard ) joriy yilning 11 oyi hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa jinoyatning yangi turlari paydo bo‘layotgani ularning oldini olish zaruratini yanada dolzarblashtirmoqda.
Ichki ishlar vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish maqsadida hududlarda ushbu soha bo‘yicha alohida boshqarmalar tashkil etilib, xodimlar soni ko‘paytirildi.
Xorijiy hamkorlarimiz bilan ma’lumot va tajriba almashish, ularning yetakchi xodimlarini jalb etish hamda mutaxassislarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, vazirlik Akademiyasida “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, bu yildan boshlab 100 nafar kursant qo‘shimcha o‘qishga qabul qilindi.
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan nomzodlarni Akademiyaning “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” ta’lim yo‘nalishida o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi.
Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha raqamli laboratoriya tashkil etildi.
Fuqarolarning bank hisob varaqlaridan mablag‘larni noqonuniy yechib olishga yo‘naltirilgan, eng xavfli va ko‘plab fuqarolarga zarar yetkazgan “fishing” turidagi 483 zararli dastur aniqlanib, faoliyati to‘xtatildi.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq 2 ming 424 jinoyat aniqlanishi natijasida jinoiy yo‘l bilan topilgan 76 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘larni kripto shaklida respublika hududidan olib chiqib ketilishing oldi olindi.
Kibermakonda jamoat tartibiga tahdid soluvchi, shaxsning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishini targ‘ib qilib kelish bilan bog‘liq 3 ming 843 internet resurslari bloklandi. 1 ming 508 firibgarlikka undovchi zararli havolalar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Bu borada 457 ming 460 targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi, 1 ming 243 videorolik hamda 45 ming 708 kiberjinoyatdan himoyalanish usullarini tushuntiruvchi kontent tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarda joylandi.
Ichki ishlar organlarida ham jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasiga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng tatbiq etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining qarori bilan tizimni 2025-2027 yillarda raqamli transformatsiya qilishning fundamental asosi belgilandi.
Ichki ishlar organlari faoliyatni va davlat xizmatlarini raqamlashtirish yo‘nalishlarida 62 axborot tizimi ishlab chiqildi, amaliyotga tatbiq etildi.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlari tomonidan 41 turdagi davlat xizmati raqamlashdi. Xususan, 8,6 million nafardan ortiq shaxsga yashash joyi bo‘yicha ma’lumot taqdim etildi, 2,5 million nafardan ortiq shaxs yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tdi.
Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari ovoragarchiligining oldini olish maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar ulushini 95 foizga olib chiqish maqsad qilingan.
Norgul Abduraimova, O‘zA