Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kiberjinoyatga qarshi kurashda muhim qadam
01:51 / 2025-05-06

Munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Qaror bilan kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularni fosh etish samaradorligini oshirish bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va qator tashkiliy-texnik choralarni ko‘rish belgilandi.

Purvi POKXARIVAL, Hindiston  Milliy kriminalistika fanlari universiteti direktori, professor:

–O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirishga oid qarori mamlakat fuqarolarini kiber tahdidlardan himoya qilish uchun o‘z vaqtida qabul qilingan muhim hujjatdir.

Chunki dunyoda kiberjinoyatchilikning o‘sish tendensiyasi kuzatilayotgan davrda O‘zbekistonda ham kompleks chora-tadbirlar qabul qilish zarurati tug‘ilgan edi.

Menda eng ko‘p taassurot qoldirgan narsa, qaror bilan banklar va to‘lov tashkilotlarining bank hisoblaridagi mijozlar aktivlarini himoya qilish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish yuzasidan tashkiliy-texnik choralar belgilanganligidir. Menimcha, bu maqsadli chora-tadbirlar kiberjinoyatchilikning erta oldini olishda ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi.

Chjan IN, Pekin xavfsizlik industriyasi uyushmasi raisi:

–Markaziy Osiyo davlatlarida keng ko‘lamli raqamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sur’atlar har-xil bo‘lishiga qaramasdan, bu fuqarolar va iqtisodiyot uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Biroq, shu bilan birga, kiberxaflar bilan bog‘liq xatarlar ham oshib bormoqda.

O‘zbekistonda Xitoy va mintaqaning boshqa davlatlari kabi so‘nggi besh yil ichida internet orqali sodir etilgan jinoyatlar soni o‘n barobardan ziyod oshgani kuzatilmoqda. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyevning kiberjinoyatchilikka qarshi kurashni davlat siyosati darajasiga olib chiqish va ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish bo‘yicha yaqinda qabul qilgan qarori muhim qadam bo‘ldi.

Aholining raqamli savodxonligini oshirishga qaratilgan tizim joriy etilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Bu kelajakda fuqarolarni yangi turdagi kiberjinoyatlardan himoya qilishning eng samarali usullaridan biri hisoblanadi.

Allan FAN (investor, Xitoy) “St. Wonderful International Group Limited”  vakili:

–Ta’kidlash joizki, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha qabul qilingan mazkur qaror mamlakatning investitsiyaviy va turistik salohiyatiga ijobiy ta’sir qiladi.  

Tinchlik va osoyishtalik iqtisodiy barqarorlikning asosidir.  Prezident Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakati bilan O‘zbekistonda yaratilgan tinchlik va barqarorlik ichki va xorijiy investitsiyalarni jalb etishda alohida o‘rin tutadi. Sababi, investorlar doim o‘z kapitalini barqaror, biznes rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan hududlarga yo‘naltirishni afzal ko‘radi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiyotning o‘sishini ta’minlaydi.

David MELIKIDZE,  “Uzcard” kompaniyasi direktori:

–Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish bo‘yicha qabul qilingan ushbu qaror sohadagi chuqur islohotlar yo‘lida navbatdagi qadam bo‘ldi.

Biz to‘lov tizimi operatori sifatida ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz va bu yo‘nalishdagi ishlarda faol ishtirok etyapmiz. Jumladan, Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda 13 may kunidan Farg‘ona vodiysida raqamli savodxonlikni oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniyani boshlayapmiz.

Shuningdek, aholining xabardorligini oshirish bo‘yicha Markaziy bank bilan birgalikda moliyaviy mahsulotlarni anglash va ulardan xavfsiz foydalanishni ta’minlashga qaratilgan loyihani amalga oshiryapmiz.

Ishonchim komilki, davlat, biznes va fuqarolik jamiyatining birgalikdagi sa’y-harakatlari zamonaviy tahdidlarga bardosh bera oladigan mustahkam raqamli infratuzilmani yaratishda muhim omil bo‘ladi.

Sandro Rtveladze  “Ipoteka-bank” boshqaruvi raisi:

– O‘zbekiston Prezidentining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha qarorini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Kiberxavfsizlik zamonaviy jamiyat oldida turgan asosiy vazifalardan biridir. Barcha davlat organlari, banklar, operatorlar va to‘lov tizimlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish orqali kiberjinoyatlarning oldini olish va aholining raqamli savodxonligini oshirish mumkin.

Biz har yili bir oyni “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” sifatida o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu kiberjinoyatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, axborot kampaniyalarini, shu jumladan, maqsadli onlayn reklama orqali kuchaytirish muhim, deb hisoblaymiz. Aprel oyida “Ipoteka-bank IIV, Markaziy bank va TVS bilan hamkorlikda ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli reklama kampaniyasini boshladi.

Bolalar va ota-onalarni raqamli makonda himoya qilish tashabbusini muhim, deb hisoblaymiz. Voyaga yetmagan shaxslar uchun bank hisoblarini ochish bo‘yicha aniqroq qoidalar joriy etish va ota-onalarni xavf-xatarlar, shu jumladan, bolalarni «drop» sxemalarida ishlatish kabi holatlar haqida xabardor qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaymiz. Shu maqsadda bank ilovalariga antivirus himoyasi va maxsus filtrlar o‘rnatishga tayyormiz.

O‘zbekistonning Kiberjinoyatlar bo‘yicha Budapesht konvensiyasiga qo‘shilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu raqamli dalillar almashinuvining xalqaro kanallaridan foydalanish imkonini berib, transchegaraviy firibgarlikni tergov qilishni tezlashtiradi. Shuningdek, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi huzurida Raqamli tergovlar markazini tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaymiz. “Ipoteka-bank” o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashish, shu jumladan, akademiyaga shaxsiy ma’lumotsiz tranzaksiyalar, aniqlangan firibgarlik holatlari va mashinali skoring tajribasini taqdim etishga tayyor.

“Ipoteka-bank” kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida faol ish olib boradi. Shu maqsadda banklar, fintex kompaniyalar va mobil operatorlarni bir maydonga jamlaymiz. Bundan ko‘zlangan maqsad – eng yaxshi amaliyotlarni taqdim etish, tajriba almashish va kiber tahdidlarga qarshi samarali yechimlarni birgalikda izlash.

O‘zA