Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kiberjinoyatchilar yo‘liga tuzoq
12:34 / 2025-02-24

Iqtisodi rivojlangan, mo‘’tadil davlatlarda kredit tizimi barqaror ishlaydi. Muammolar deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Ammo bu, hamma joyda hammasi “besh” degani emas, qilinadigan ishlar bir talay. Masalan, kredit olish, uni rasmiylashtirish, foydalanish, belgilangan muddatlarda qaytarishdagi muammolarni oling, yetarli – istagancha topiladi.

Boz ustiga, bu sohada firibgarlik holatlari tobora avj olib borayotgani ham bor gap.

Barcha davlat idoralari, jumladan, banklar ham allaqachon raqamlashtirilgan tizimga o‘tgan bir paytda mijozlarning kiberjinoyatchilar domiga tushib, bir necha soniyalar ichida peshona teri bilan topgan boyligidan mosuvo bo‘lib qolayotgani to‘g‘risidagi sovuq xabarlar bot-bot qulog‘imizga chalinib, ko‘ngilni battar xira qiladi. 

Bunday xunuk holatning davom etishi fuqaro – mijoz bilan bank o‘rtasidagi ishonchga putur yetkazishi turgan gap.

Bugun atrofimizda kredit ololmayotganidan nolib yurgan yurtdoshlarimizning ham, kredit olib qarzini vaqtida to‘lay olmay “quyon” bo‘lib yurgan mijozlarni ham, o‘zi bexabar ammo nomida bir olam qarzi bor – nomiga kredit rasmiylashtirilgan ovvora-yu sarson bo‘lib yurgan kishilarni ham ko‘rish mumkin.   

Xo‘sh, nega shunday? Aslida kredit kimlarga beriladi? 

Uni rasmiylashtirish tartib-tamoyillari, bank va mijoz mas’uliyati, qolaversa, shaxsga doir ma’lumotlarni “tashqariga bildirmaslik” bugun qanchalar kafolatlangan? Firibgarlar ana shu “ojiz” nuqtalardan foydalanib, bank va mijoz o‘rtasidagi ishonch ko‘prigiga zarar yetkazmayaptimi?..

Ma’lumotlarga qaraganda, 2023 yilda kiberxavfsizlik yo‘nalishida 6 ming 455 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 76 foizi (4 ming 923 ta) fuqaroning bank plastik kartalaridagi pullarni qo‘lga kiritish bilan bog‘liq. Shuningdek, 2024 yilning 8 oyida kiberxavfsizlik yo‘nalishida (bank kartasi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan) fuqarolar tomonidan 36 ming 811 ta murojaat yo‘llangan, shundan 20 ming 810 tasi o‘g‘irlik va 16 mingtasi firibgarlik jinoyatiga aloqador ekani izohga hojat qoldirmaydi.

Oliy Majlis Senatining o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan 4-yalpi majlisida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga kredit sohasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun yuqorida tilga olingan bo‘shliqlar o‘rnini to‘ldiradi, bank va mijoz o‘rtasidagi munosabatni mustahkamlaydi, xavfsizlikni kafolatlaydi, kiberjinoyatchilar yo‘liga tuzoq bo‘ladi.

Endi kreditni onlayn tarzda, masofadan turib ham  rasmiylashtirishingiz mumkin bo‘ladi. Ya’ni, siz endi internet orqali ariza topshirish va xulosa olish imkoniga egasiz. Bankka borib, navbat kutish yoki hujjatlarni maxsus joylarda tekshirish kabi ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinadi. 

Mazkur qonunga jismoniy shaxslarning ular bilan kredit bitimlarini tuzishga taqiq belgilash va uni olib tashlashga bo‘lgan huquqlarini, ularni Kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishning tartibi va shartlarini, shuningdek kredit axborotidan foydalanuvchilarning belgilangan taqiqni buzgan holda kredit bitimi tuzgani uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. 

Bundan tashqari, kredit byurolariga nisbatan ularning faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablarini buzgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qo‘llaniladigan choralar va sanksiyalar belgilanadi.

Qonunda aholini kreditlash sohasidagi firibgarlik jinoyatlaridan himoya qilish hamda ularning xabarisiz ular nomiga kredit rasmiylashtirish hamda masofadan turib onlayn mablag‘larini yechib olish holatlarini bartaraf etish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda kredit olishdan voz kechish mexanizmi joriy etiladi.

Bundan tashqari, kredit byurolari ma’lumotlar bazasi negizida kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrini shakllantirish yo‘lga qo‘yiladi. 

Jismoniy shaxsni uning arizasiga ko‘ra kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritish (taqiq qo‘yish) hamda reyestrdan chiqarish (taqiqni bekor qilish), shuningdek, jismoniy shaxs tomonidan  kredit bitimini tuzish taqiqlangani yoki taqiq bekor bo‘lgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarning kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrida mavjudligi bo‘yicha axborotni shakllantirish tartibi belgilandi. 

Qonunda jismoniy shaxsning kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestrida mavjudligi yoki mavjud emasligi va taqiqlash (taqiqni bekor qilish) to‘g‘risidagi arizaning holati haqida axborot olishda – berishda kredit byurolariga nisbatan huquq va majburiyatlar bor.

Shuningdek, qonun bilan jismoniy shaxslar to‘g‘risida ma’lumotni Kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritish tartibi joriy qilinib, kredit axboroti sub’ekti – jismoniy shaxslar tomonidan kredit bitimi tuzishni taqiqlash (taqiqni bekor qilish) to‘g‘risidagi ariza bilan yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga elektron shaklda, davlat xizmatlari markaziga yozma shaklda murojaat etish imkoniyati yaratildi. 

Tabiiyki, ushbu chora-tadbirlar, ya’ni, kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan kredit ajratishda firibgarlik holatlarining oldi olinadi. Qonunga binoan kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri joriy etiladi.

Fuqarolarga mazkur reyestrga kiritish bo‘yicha ariza berish orqali kredit bitimini tuzishni taqiqlash imkoniyati yaratiladi. Xususan, kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri Markaziy bank tomonidan belgilangan tartiblar asosida kredit byurolari tomonidan yuritilishi, banklar va nobank kredit tashkilotlariga Reyestrni tekshirmasdan turib kredit ajratish taqiqlanishi hamda Reyestrdagi fuqaroga kredit ajratganlik uchun kredit bitimi bo‘yicha kelib chiqadigan oqibatlarga javobgarlik belgilanmoqda.

Markaziy bank tomonidan kredit byurolariga nisbatan qoidabuzarlik uchun choralar ko‘riladi va sanksiyalar qo‘llaniladi. Bunda, kredit byurolariga qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar yuborish hamda bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarima undirish nazarda tutiladi.

Mazkur qonun qonunchilikda shu paytgacha mavjud bo‘lgan ko‘zga ko‘rinmas xatarli bo‘shliq o‘rnini to‘ldira oladi deb, bemalol ayta olamiz. Qonunning har bir bandini o‘rganish, rioya qilish, hayotga tatbiq etish esa sizga, bizga, hamma-hammamizga bog‘liq. 

Abdusaid KO‘CHIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Senatining Byudjet va iqtisodiy 

masalalar qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA