Kiberjinoyatlarning oldini olish, aholining virtual muhitdagi kiber tahdidlardan ogohligini oshirish hamda ularda “raqamli immunitet”ni shakllantirish maqsadida joriy yilning 1-7 may kunlari Samarqand viloyatida “Syber Week” nomi ostida “Kiber makonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” o‘tkazilmoqda.
Haftalik davomida korxona-tashkilotlar, ta’lim muassasalari, bozorlar va savdo komplekslari, jamoat joylarida aholini ogohlikka chaqiruvchi targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Jumladan, bugun yoshlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda kiberjinoyat qurboni bo‘layotganlarning aksariyati yoshlar ekani ta’kidlandi.
– Viloyatda joriy yilning o‘tgan uch oyida firibgarlar tomonidan fuqarolarning bank kartasidan 4 milliard so‘mdan ziyod pul mablag‘lari talon-toroj qilingan, – deydi Ichki ishlar vazirligi tezkor qidiruv departamenti kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Lochinbek Atoyev. – Aldov qurboni bo‘layotganlarning aksariyati 19-35 yoshdagi fuqarolar bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida ular tomonidan 400 ga yaqin ariza kelib tushgan.
Ushbu firibgarliklar asosan telefon qo‘ng‘iroqlari, to‘lov tizimlari, bank xodimi sifatida “sms kodni olish”, ijtimoiy tarmoqlar orqali, shuningdek “OLX” savdo platformasida “sotuvchi” yoki “xaridor” sifatida, jabrlanuvchiga noma’lum sharoitda yordam berish, moddiy yordam, onlayn kredit, yutuqli o‘yin g‘olibi kabi soxta aldov havolalar, soxta onlayn birja va treyding orqali amalga oshirilgan.
Qayd etilishicha, yilning o‘tgan davrida viloyatda 70 dan ortiq shu turdagi jinoyat aniqlangan. Bu jinoyatlarning asosiy qismi xorijdan turib boshqarilmoqda.
Haftalik doirasida internet yutub kanalida kiberjinoyatlardan himoyalanish bo‘yicha targ‘ibot lavhalari joylashtirilmoqda, turli tanlov va viktorinalar uyushtirilmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA