Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kiber xavfsizlikni ta’minlash xarajati oshmoqda
14:27 / 2024-02-05

2023 yil dunyo bo‘ylab kiber xavfsizlikni ta’minlash uchun ketgan xarajat axborot texnologiyalari uchun sarflangan mablag‘ning 11,6 foizini tashkil etgan. Bu 2020 yilga nisbatan 8,6 foiz ko‘p. Axborot xavfsizligini ta’minlash uchun sarflanayotgan mablag‘ so‘nggi to‘rt yilda barqaror o‘sgan.

Kiber xavfsizlik byudjeti o‘sishi 2022-2023 yillarda 6 foizni tashkil etgan. O‘sish, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda, xususan texnologiyalar, moliya va sog‘liqni saqlashda sohalarida qayd etilgan.

Avvalgi davrda byudjet o‘sishiga, asosan, favqulodda holatlar, masalan xavfsizlik bilan bog‘liq kutilmagan hodisalar, kompaniyalar pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqilishi yoki yirik sohaviy buzilish sabab bo‘lgan.

Ekspertlar fikricha, moliya va boshqa sohalar o‘rtasidagi sezilarli tafovut jinoyatchilarning bank va boshqa tashkilotlarga qiziqishi yuqoriligi bilan izohlanadi. Aynan shuning uchun ham moliya muassasalari birinchilardan bo‘lib axborot xavfsizligini ta’minlashga ko‘p mablag‘ yo‘naltira boshlagan.

2022 yildan boshlab onlayn muhitdagi yirik o‘zgarishlar tufayli kiber xavfsizlikni moliyalashtirish yanada dolzarblashdi. Bu jarayonda, ayniqsa,  kiber hujum narxi sezilarli darajada tushishi, shunga mos ravishda chastota oshishi,  masofadan turib ishlaydigan xodimlar tomonidan himoyalanmagan qurilmadan foydalanish holati ko‘paygani, kiber jinoyatchilar zaxirasida ularga avvalgidan ko‘ra tezroq hujum qilish, o‘z harakatini samarali yashirish imkonini beruvchi yangi texnika va usullar paydo bo‘lgani sezilyapti.

Bundan tashqari, jinoyatchi endi o‘z harakati natijasini ochiqchasiga e’lon qilmoqda, havaskorlarni hujumga jalb qilish, ularni o‘qitish va zarur resurs bilan ta’minlashga tayyorligini bildirishyapti. Natijada an’anaviy “DdoS” yoki boshqa nosozlikka qaraganda ancha murakkab hujumlarni amalga oshira oladigan kiber jinoyatchilarning yangi avlodi paydo bo‘ldi.

IBM hisobotiga ko‘ra, 2022 yil ma’lumot buzilishidan ko‘rilgan zarar qiymati 4,35 million dollarga yetdi. Bu 2021 yilga nisbatan 2,6, 2020 yilga nisbatan 12,7 foiz ko‘p. Qolaversa, bu faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarf. Bilvosita xarajat yanada yuqori: mijozga kompensatsiya to‘lash, bozor ulushini saqlab qolish, yuridik va piar xarajat, nufuz tushishi va ishonch pasayishining oldini olish,  tartibga soluvchi jarima, da’vo bo‘yicha to‘lov va hokazo.

Tashkilotlarga kiber hujum yoki shunga o‘xshash hodisa, deyarli, har oy sodir bo‘ladi, ammo ishonchli jamoatchilik ma’lumotini ko‘pincha faqat xorijiy kompaniyalardan topish mumkin. Masalan, 2022 yil shu nomdagi gipermarketlar tarmog‘ini boshqaruvchi “Metro AG” kompaniyasi kiber hujumga uchradi. Natijada axborot texnologiyalari infratuzilmasining bir qismi o‘chirib qo‘yildi, to‘lov va onlayn-do‘konlar uchun yetkazib berish xizmatida muammo yuzaga keldi. Buyurtma to‘xtab qolishi oqibatida biznesning xalqaro miqyosdagi qismiga yetkazilgan ziyon 230 million yevrodan oshib ketdi.

Afsuski, bugungi kunda axborot xavfsizligi hodisasidan ko‘rilayotgan zararni baholashning umumiy qabul qilingan metodologiyasi mavjud emas. Yo‘qotish nisbatan kichik byudjetli xavfdan tortib, kompaniya faoliyatini to‘xtatishga olib keladigan halokatli xavfgacha bo‘lishi mumkin.

Kiber xavfsizlik byudjetini optimallashtirish keng qamrovli xavfsizlik texnologiyasi to‘plami, professionallar jamoasi va yirik sarmoya talab qiladi. Xilma-xil mahsulotdan foydalanish yuqori murakkablik, ortiqchalik (bir-biriga mos kelmaydigan funsionallik)ni keltirib chiqarishi mumkin. Bu odatda kompaniyaning samarali ishlashiga to‘sqinlik qiladi va albatta, tashkilotdagi qaror qabul qiluvchilar uchun kiber xavfsizlikni kuchaytirishga qarshi kuchli dalildir. Yana bir fakt shuki, xodimlar va mehnat uchun sarflanadigan mablag‘ xarajatning salmoqli qismi – umumiy xavfsizlik byudjetining 38 foizini tashkil qilar ekan.

Bu yil global xavfsizlikni ta’minlash yo‘nalishida ishchi kuchi o‘sishi sekinlashgan, ammo ishga yollash uchun sarflangan xarajat 16 foiz oshgan.

Xullas, axborot xavfsizligi xarajati o‘sish sur’ati yil sayin ortmoqda.

S.Rahimov, O‘zA