Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kevin Fernandez: Tokiodagi sammit mintaqaviy hamkorlikni yangi strategik bosqichga olib chiqdi
14:42 / 2025-12-25

O‘tgan hafta ichida nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqa siyosiy hayotida muhim rol o‘ynaydigan tarixiy voqeliklar kuzatildi. Ayniqsa, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti mintaqa davlatlari uchun o‘ta muhim tashabbus va muloqot maydoniga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. E’tiborlisi, ushbu qizg‘in jarayonlarni dunyo jamoatchiligi ham diqqat bilan kuzatib bordi.

O‘zA muxbiri sammit doirasida ilgari surilgan muhim tashabbuslar va erishilgan foydali kelishuvlar xususida Malayziyadagi Osiyo-Yevropa instituti ijrochi direktori o‘rinbosari, professor Kevin Fernandez fikrlarini yozib oldi. 

– Avvalo qayd etish kerakki, 2004 yilda ilgari surilgan tashabbus bo‘yicha tashkil etilgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti o‘shandan beri olimlar va biznes vakillari ishtirokidagi turli forumlar bilan birga, to‘qqizta tashqi ishlar vazirlari uchrashuvini o‘tkazdi. Ushbu muloqotlar doirasida tomonlar o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash hamda barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha muntazam fikr almashib kelmoqda. 

“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti shakli yillar davomida siyosiy muloqot bilan cheklanib qolmay, iqtisodiy hamkorlik, investitsiya loyihalari, infratuzilmani rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va inson kapitalini oshirish kabi muhim yo‘nalishlarni ham qamrab oldi. Ayniqsa, Yaponiyaning ilg‘or texnologiyalari va moliyaviy resurslarini Markaziy Osiyo davlatlarining tabiiy va inson salohiyati bilan uyg‘unlashtirish g‘oyasi muloqotning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida shakllandi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, “yashil iqtisodiyot” va raqamlashtirish sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma dasturlar bu hamkorlikning amaliy samarasini yaqqol namoyon etmoqda.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqaruvga kelgan davrlaridan boshlab bugungi kungacha progressiv institutsional va fiskal islohotlarni amalga oshirib kelmoqda. Prezidentning siyosiy islohotlari – to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarga keng yo‘l ochish, ochiqlik, mehnat migratsiyasi siyosatini o‘zgartirish va mintaqaviy yaqinlashish tashabbuslari butun dunyo e’tiboriga tushmoqda. 

Qolaversa, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda aholisi eng ko‘p davlat sifatida har qanday transmintaqaviy tashabbuslarda ishtiroki juda muhim. Ayniqsa, iqtisodiy aloqa imkoniyatlarini kengaytiradigan “Angren-Pop” temir yo‘l liniyasini o‘z ichiga olgan ichki temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilishga kiritgan investitsiyalari o‘lkaning rivojlanayotgan mintaqaviy logistika markazi sifatidagi strategik mavqeini namoyon etadi. 

“Markaziy Osiyo – Yaponiya” birinchi sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ishtiroki va muhim tashabbuslari yig‘in faoliyatini yanada boyitdi. O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “Tokio deklaratsiyasi” qabul qilinganini olqishlab, qator tashabbuslar bildirdi. Jumladan, davlat rahbarlari darajasidagi sammitlarni har ikki yilda bir marta o‘tkazish va navbatdagi uchrashuvni O‘zbekistonda tashkil qilish, “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish, Yaponiya moliya institutlarining Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” raqamli xabi – raqamli yechimlar, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik platformasini yaratish singari o‘nga yaqin muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Bu g‘oya va tashabbuslar barcha davlat rahbarlari tomonidan qo‘llab quvvatlandi. 

Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammitida ilgari surgan tashabbuslari nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqa davlatlari uchun ham chuqur o‘ylangan va kelajakka qaratilgan strategik dastur bo‘lishi shubhasiz.

Go‘zal Sattorova, O‘zA