Yoz mavsumining boshlanishi munosabati bilan Toshkent shahrida havo harorati keskin ko‘tarilishi va natijada yer usti temir yo‘llarining relslari hamda ularning po‘lat qismlarida harorat juda yuqori bo‘lishi, +70 darajaga yetishi mumkin.
Shu munosabat bilan temir yo‘llardan foydalanish qoidalariga ko‘ra, relslarning harorati +55 darajadan oshganda poyezdlar harakati tezligi pasaytirilishi, ya’ni, relslarning harorati +60 darajagacha bo‘lganda poyezdlar harakati tezligi 40 km/soatdan, +65 darajagacha 25 km/soatdan oshmasligi, +70 va undan yuqori darajada esa poyezdlar harakati taqiqlanishi belgilangan.
Yuqoridagilarni e’tiborga olib, poyezdlar harakati va yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida metropolitenning Yer usti halqa yo‘li va Sergeli yo‘li uchastkalarida havo haroratining ko‘tarilishi kuzatilgan vaqtlarda poyezdlar harakati tezligining vaqtincha cheklovi joriy etiladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati ma’lum qildi.
M.Komilova, O‘zA