Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi a’zosi, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha parlament kokusi ishtirokchisi Kerol Miller boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Kerol Miller xonimni Samarqand temir yo‘l vokzalida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev kutib oldi.
Mehmonlar Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamrohligida Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.
Ayniqsa, Amir Temur maqbarasi va Registon maydoniga tashrif AQSH Kongressi a’zolari uchun taassurotlarga boy bo‘ldi. Ushbu obidalar bilan tanishuv chog‘ida ulug‘ ajdodlarimizning bunyodkorlik ishlari, Samarqandning azaldan ilm-fan va madaniyat markazi sifatida jahon sivilizatsiyada tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.

– O‘zbekistonga, Samarqandga kelganimdan juda xursandman va bu mening oruzim edi, – dedi Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi a’zosi Kerol Miller. – Ko‘p yillar oldin Samarqand haqida kitoblarda o‘qigandim. Bugun esa uzoq va boy tarixga ega shaharni ko‘rib, zavqlanayapman. Yoshligingizda o‘qigan, o‘zingizcha tasavur qilgan go‘zallikni o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rish kishiga zavqli hissiyotlarni uyg‘otadi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri