Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kennediga suiqasd bo‘yicha minglab tarixiy fayl e’lon qilindi
09:13 / 2025-03-20

Donald Tramp ma’muriyati Jon Kennedining o‘ldirilishi bilan bog‘liq minglab varaqli hukumat hujjatini e’lon qildi. Milliy arxiv seshanba kuni “ilgari maxfiy hisoblangan barcha yozuvlar” e’lon qilingani, bu ma’lumotlarni onlayn va bevosita ko‘rish mumkinligi aytildi.

Arxiv o‘z veb-saytiga dastlab qariyb 63 000 sahifali hujjatni yukladi. Milliy razvedka xizmati ma’lum qilishicha, jami 80 000 sahifaga yaqin maxfiy yozuv oshkor qilindi.

Tramp yanvarda sobiq prezidentning o‘ldirilishiga doir barcha fayllar, shuningdek sobiq senator Robert Frensis Kennedi va Martin Lyuter Kingga suiqasd to‘g‘risidagi yozuvlar oshkor etilishi belgilangan farmoyishni imzolagan edi.

Olimlar va tarixchilar oltmish yildan buyon ommabop fitna nazariyalari mavzusi bo‘lib kelgan Jon Kennedining o‘limi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan yangi ma’lumot topish uchun hujjatlarni bir necha oy davomida ko‘rib chiqishi mumkin.

2023 yil Gellap o‘tkazgan so‘rovda amerikaliklarning 65 foizi Uorren komissiyasi xulosasiga ishonmasligini aytgan. O‘sha hujjatda AQSH dengiz piyoda qo‘shini a’zosi Li Xarvi Osvald 1963 yil 22 noyabrda Dallasga (Texas) kelgan prezidentni o‘ldirishda yakka o‘zi harakat qilgani muhrlangan.

So‘rovda qatnashganlarning 20 foizi Osvald hukumat bilan til biriktirganiga ishonishini, 16 foizi esa Markaziy razvedka boshqarmasi bilan hamkorlik qilganini aytgan.

Tramp avvalgi prezidentligi davrida barcha maxfiy hujjatlarni oshkor qilishga va’da bergan, biroq oxir-oqibat Markaziy razvedka boshqarmasi va Federal qidiruv byurosi nozik materiallarni ko‘rib chiqish ko‘p vaqt talab qilgani uchun minglab fayllarni yashirgan.

Bayden ma’muriyati ham 2022 yil minglab hujjatlarni e’lon qildi.

Milliy arxiv ma’lumotiga ko‘ra, bundan oldin Kennedi hujjatlari to‘g‘risidagi qonunga binoan ko‘rib chiqilgan taxminan 320 000 hujjatning 99 foizdan ko‘pi ommaga oshkor qilingan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA