Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kengashlar media faoliyatida yangicha yondashuv
08:59 / 2025-11-22

Yurtimizda jamoatchilik bilan ochiq muloqotni rivojlantirish, davlat organlari faoliyatida shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish bugungi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Ayniqsa, raqamli kommunikatsiyalar tez sur’atlarda rivojlanayotgan bir davrda ijtimoiy tarmoqlar mahalliy vakillik organlarining fuqarolar bilan bevosita muloqot qilishida, qabul qilib borilayotgan qarorlar mohiyatini sodda va tushunarli yetkazishda, odamlarning o‘zaro faol ishtirokini ta’minlashda beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Mana shunday sharoitda mahalliy Kengashlar axborot siyosati va targ‘ibot tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish dolzarb vazifa hisoblanadi.

Andijon shahrida “Mahalliy Kengashlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini samarali tashkil etish” mavzusida o‘tkazilgan amaliy-o‘quv seminari ham shu maqsadda tashkil etildi. Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi kotibiyati hamda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining hududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari kotibiyatlari mutaxassislari hamda mahalliy OAV vakillari ishtirok etdi. Seminar ishtirokchilariga ijtimoiy tarmoqlarda axborot tarqatishning zamonaviy usullari, auditoriyaga mos kontent tayyorlash, rasmiy sahifalarni professional yuritish, axborot xurujlari sharoitida ishlash kabi masalalar bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar keng qamrovli axborot maydoniga aylangan bo‘lib, uning davlat organlari nufuzini oshirish va jamoatchilik bilan doimiy muloqotni ta’minlashdagi ahamiyati alohida o‘rin tutmoqda. Zero, Kengashlar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, deputatlik nazorati jarayonlari, komissiyalar faoliyati, aholi murojaatlariga taalluqli ishlash kabi yo‘nalishlar jamiyat uchun katta qiziqish uyg‘otadi. Ularning o‘z vaqtida, ochiq va aniq yoritilishi fuqarolarning vakillik organlariga bo‘lgan ishonchini oshiradi, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantiradi.

[gallery-26378]

Ishtirokchilarga Kengashlar Telegram kanallari faoliyatining hozirgi holati tanishtirildi. Ayrim hududlarda uchrayotgan axborot bo‘shliqlari tahlil qilindi va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yechimlar muhokama etildi. Axborot siyosatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda tezkorlik, maqsadli auditoriyani to‘g‘ri tanlash, vizual kontent sifati va manbalarning ishonchliligi kabi omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

– Ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan har bir aniq va xolis axborot bu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosatiga qo‘shilgan hissadir, – deydi Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi kotibiyati mudiri Nasibaxon Toychiyeva. – Deputatlik so‘rovi, sessiya yoki komissiya yig‘ilishi bo‘ladimi, har bir jarayon xalq uchun ochiq va tushunarli yoritilishi zarur. Bu imidj yoki reklama emas, balki jamiyat oldidagi mas’uliyat, fuqarolar bilan adolatli muloqot madaniyatidir. 

Tadbirning amaliy qismida axborot materiallarini tayyorlash va tarqatish jarayonlarida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar misollar orqali ko‘rib chiqildi, ishtirokchilar o‘z hududlaridagi muammolar va tajribalar bilan o‘rtoqlashdi. Seminar yakuni bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olinib, yaqin istiqbolda ijtimoiy tarmoqlarda Kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Bu kabi o‘quv seminarlari mahalliy Kengashlar axborot siyosatida yangi bosqichni boshlab berishi, jamoatchilikka ochiq va tezkor axborot yetkazish jarayonlarini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA