Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kengashlar kotibiyatlari kuchli nazoratchi, demakdir
11:41 / 2022-10-15

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis Senatining 2020 yil 20 yanvardagi birinchi yalpi majlisida vakillik organlari ishini yanada faollashtirish borasida fikr bildirarkan, bunda parlament yuqori palatasining mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikda olib boradigan ishlariga qayta-qayta to‘xtalib o‘tdi. «Quyi Kengashlar qanchalik faol bo‘lsa, Senatning ishi shuncha samarali bo‘ladi,” deb ta’kidlagan edi Prezident.

Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari keng qamrovli bo‘lib, ular doirasi tobora kengayib bormoqda. Jumladan, so‘nggi yillar mobaynida Kengashlar faoliyati hokimlarning viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlarini tinglash, ijroiya hokimiyati bo‘limlari, boshqarmalari, boshqa tarkibiy bo‘linmalar, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitish joriy etildi.

So‘nggi yillarda mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ularning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilib, hokim, uning o‘rinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar va sog‘liqni saqlash idoralari rahbarlarining tegishli Kengashlar oldida hisobdorligi qonunlarda belgilab qo‘yildi. Biroq, hayotning o‘zi islohotlarni jadallashtirishni taqozo etmoqda.

2017– 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan hamda 2020 yilning 14 sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni yuqorida keltirilgan masalaning yechimi bo‘la oladi. Darhaqiqat, mahalliy Kengashlarning doimiy asosda ishlaydigan kotibiyatlarining tashkil etilishi mazkur kengashlar faoliyatini yanada kuchaytirish uchun xizmat qiladi.

Qonun bilan «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga Kengash kotibiyati bilan bog‘liq o‘zgartishlar kiritilgan. Jumladan, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat ko‘rsatish vazifasini hokimliklar apparatidan tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati zimmasiga o‘tkazish, kotibiyat yuridik shaxs hisoblanishi va uning faoliyati tegishli mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirilishi, kotibiyat tuzilmasi, shtatlari, xodimlarining mehnat haqi miqdori va moddiy-texnika ta’minoti, shuningdek ularning ishlashi uchun zarur xarajatlarni tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanishi, kotibiyat xodimlarining mehnatga oid munosabatlari mahalliy Kengashlarning vakolat muddatiga bog‘liq bo‘lmasligi belgilab qo‘yildi. Kotibiyat O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi va o‘z nomi tushirilgan muhriga hamda blankiga ega bo‘lishi hamda kotibiyatning namunaviy nizomi va namunaviy tuzilmasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan tasdiqlanishiga oid normalar mustahkamlandi.

Shuningdek, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga xalq deputatlari Kengashi deputatini hujjatlar, zarur axborot va ma’lumot materiallari bilan ta’minlash, shuningdek, deputatlik faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mutaxassislarning maslahatlarini uyushtirish vazifasini viloyat, tuman, shahar hokimliklari zimmasidan Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi kotibiyatiga o‘tkazish bilan bog‘liq o‘zgartishlar kiritildi. Xorijiy amaliyot o‘rganilganda, Gruziya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlar mahalliy Kengashlarining faoliyatiga ko‘maklashish uchun maxsus tuzilmalar (devon, kotibiyat va boshqalar) tashkil etilganligini kuzatishimiz mumkin.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 avgustdagi «Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq eksperiment tariqasida tashkil etilgan xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashi kotibiyatlari samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Shu o‘rinda misollarga murojaat qilsak. Kotibiyatlar Toshkent shahridagi barcha 12 ta tumandagi xalq deputatlari kengashlari qoshida ish yuritadi. Ular barcha darajadagi 400 dan ziyod deputatlar boshini birlashtirishga, ular faoliyatini tahlil qilib borishga, ularni tashabbuskorlikka undash ishiga xizmat qilmoqda. Kengashning hozirgi kunda ikkita telegram kanali mavjud bo‘lib, sessiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish, sessiyalarda ko‘rilgan masalalarni kanalga joylashtirish, kerakli hujjat va ma’lumotlarni tayyorlash ham kotibiyatlar zimmasida ekanligini ta’kidlamoqchiman.

Bir so‘z bilan aytganda, Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashlarida kotibiyatlarning tashkil etilishi mahalliy Kengashlar faoliyatini axborot-tahliliy, huquqiy, tashkiliy va boshqa jihatdan ta’minlash, doimiy komissiyalarining nazorat sohasidagi vakolatlarini samarali amalga oshirishga ko‘maklashish, mahalliy ijroiya hokimiyati, davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa idoralar rahbarlari va mansabdor shaxslarining hisobotlari (axborotlari) eshituvini tashkil qilishga ko‘maklashish imkoniyatini berdi.

Shu bilan birga, deputatlar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarni qabul qilish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish hamda murojaatlarning hisobini yuritish va ularning ijrosini nazorat qilish, mahalliy Kengash faoliyatiga oid tadbirlar to‘g‘risidagi xabarlar tayyorlanishini va ommaviy axborot vositalarida chop etilishini, mahalliy Kengash va uning doimiy komissiyalari qarorlari loyihalarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va boshqa qonunlariga, shuningdek yuridik texnika talablarga muvofiqligini ko‘rib chiqish, mazkur hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, normativ-huquqiy tusga ega qarorlarning mahalliy Kengash muhokamasiga kiritilishidan oldin tegishli Adliya boshqarmalarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil qilish ishlarini yengillashtiradi.

Mazkur qonun mahalliy Kengashlar faoliyatiga bevosita ko‘maklashuvchi tuzilmani tashkil qilish orqali hokimliklarning tashkiliy-nazorat guruhlari zimmasidan o‘ziga xos bo‘lmagan vazifalar soqit qilinishiga hamda mahalliy Kengashlar faoliyatining yanada yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida Toshkent shahri hamda shaharning barcha tumanlari xalq deputatlari Kengashlarida tuzilgan kotibiyatlar faoliyati mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan deputatlik, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish yuzasidan, shu jumladan, hokimlar va davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini tizimli va tanqidiy tahlil qilish bo‘yicha xalq deputatlari Kengashining ish rejalarini ijro etish orqali ishlarini kuchaytirishga qaratildi va o‘z samarasini ko‘rsatdi.

Kengash kotibiyatlari bundan tashqari Kengash faoliyatini Kengash raisi bilan hamkorlikda tashkiliy, huquqiy, axborot-tahliliy tarzda ta’minlash, Kengashda o‘tkazilishi belgilangan tadbirlar rejalarining loyihalarini tayyorlash, Kengash raisining topshirig‘i hamda doimiy komissiyalarining takliflari asosida sessiya kun tartibi loyihasini shakllantirish kabi vazifalarni bajarayotgani ham e’tiborga molik.

Qolaversa, xat-hujjatlarning hisobini yuritish, ular asosida tahliliy va axborot ma’lumotnomalar hamda boshqa materiallarni tayyorlash, rais va deputatlar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarni qabul qilish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish, murojaatlarning hisobini yuritish, ularning ijrosini nazorat qilish ham kotibiyatlar zimmasida. Kengash raisi o‘z navbatida topshiriqlari ijrosi bajarilishi ustidan nazorat olib boradi. Bu esa Kengash ishini yengillashtirish, aholi murojaatlariga o‘z vaqtida javob qaytarishda qo‘l kelmoqda.

Bundan tashqari, kotibiyatlar deputatlarga tashkiliy va axborot xizmati ko‘rsatilishini, Kengash sessiyalari materiallari loyihalarining ularga yetkazilishini ta’minlamoqda. Xalq deputatlari Kengashi kotibiyatini tashkil qilishdan asosiy maqsad Respublikamizda huquqiy demokratik jamiyatni mustahkamlash hamda xalq vakillari, ya’ni deputatlar faoliyatini yanada kuchaytirishdan iborat.

 

Abdumavlon Qosimov,

Xalq deputatlari Toshkent shahar

Kengashi kotibiyati mudiri