English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kengashga endi hokim rais bo‘lmaydi
10:32 / 2025-12-30

Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida deputat Qarshiyev Zayniddin Abduvaliyevich Samarqand shahar Kengashi raisi etib saylandi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 120-moddasida Xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi, viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida Xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi.  

2024 yil oktyabr oyida o‘tkazilgan saylovda yangidan shakllangan xalq depututlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga avvalgidek hokimlar emas, deputatlar orasidan rais saylandi. 2026 yildan mazkur tartib xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarida ham joriy etiladi. Shu munosabat bilan ayni paytda mahalliy Kengashlarga rais saylanmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyatidagi xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining sessiyalarida hokimlarning Kengashga raislik qilish vakolati tugatilib, deputatlar orasidan raislar saylanmoqda. Rais Kengash ishiga o‘zining doimiy faoliyatidan ajralmagan holda boshchilik qiladi. Samarqand shahar Kengashi raisligiga saylangan Zayniddin Qarshiyev Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali direktori hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari 26 dekabr kuni Oliy Majlisga va xalqimizga Murojaatnomasida konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari va mahalliy Kengashlar raislari lavozimlari bir-biridan ajratilgani kutilgan samara berganini ta’kidlab, endi bu tizim 2026 yil 1 yanvardan 208 ta tuman va shaharda ham yo‘lga qo‘yilishi hamda hokimlar va ijro idoralaridan Kengashlarga munosabatni mutlaqo o‘zgartirishni talab qilishini qayd etgandi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri