French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kengashda muhim masalalar muhokamasi
09:15 / 2025-06-18

Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining navbatdagi o‘n ikkinchi sessiyasida viloyatdan saylangan senatorlar, deputatlar, mutasaddi tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani Xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi, deputat Solijon Mo‘minov olib bordi. 

Sessiyada Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, mahalliy byudjet ijrosi, infratuzilmani rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Dastavval, turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar va rivojlanish dasturlari yuzasidan axborot berildi. Qayd etilganidek, 2025 yilning yanvar-may oylarida Namangan viloyatiga 464 ming 960 nafar xorijiy hamda 2 million 501 ming 400 nafar mahalliy turistlarning tashrifi kuzatilib, bu borada belgilangan reja ikki barobar ortig‘i bilan bajarildi. O‘tgan davrda sayyohlar sonining keskin ortishi, ularning qolish muddatlari cho‘zilishi va xizmatlar uchun amalga oshirgan xaridlari hisobiga viloyatning turizm eksporti 125 million 54 ming AQSH dollarini tashkil etdi.

Bundan tashqari sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2024 yil uchun xulosalari, byudjetda aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari atroflicha muhokama qilindi. Namangan viloyati mahalliy byudjetining 2024 yildagi ijrosi bo‘yicha hisoboti to‘g‘risidagi masala yuzasidan respublika Hisob palatasi mas’ul xodimi Islomjon Ikromov so‘z yuritdi.

Namangan viloyati mahalliy byudjetining o‘tgan yildagi ijrosi tashqi audit va baholashdan o‘tkazildi. Audit natijasida ayrim kamchiliklar va uslubiy xatolar aniqlangan. Jumladan, byudjet daromadlarining ayrim turlari bo‘yicha tushumlar pasayishi, prognoz ko‘rsatkichlariga to‘liq erishilmagani hamda qo‘shimcha tushumlarni jalb etish imkoniyatlari to‘liq ishga solinmagani qayd etildi.

Shuningdek, sessiya ishida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ijrosi ko‘rib chiqilib, unga zarur o‘zgartirishlar kiritildi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida infratuzilmaviy chora-tadbirlar hamda “Dolzarb 90 kunlik” dasturi doirasida Chortoq tumanidagi tibbiyot ob’ektlarining manzilli dasturi tasdiqlandi. Shu yilning birinchi chorak natijalari bo‘yicha “Namangan viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi” ijrosi ko‘rib chiqilib, unga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Yer va mulk masalalari, ichimlik suvi ta’minoti va ta’riflar yuzasidan takliflar muhokama qilindi.

Sessiyada viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulxodi Iminov ta’kidlab o‘tganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari uchun e’lon qilingan “Dolzarb 90 kunlik” doirasida Chortoq tumanida aholi salomatligi yo‘lida 14 banddan iborat ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasini amalga oshirish yo‘lida tibbiyot maskanlarida qurilish-bunyodkorlik va raqamlashtirish ishlari uchun mahalliy byudjetdan 10 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Ochiq muhokamalar va samarali fikr almashuvi ruhida o‘tgan sessiyada Oliy Majlis Senati qarorlariga asosan deputat daxlsizligi masalasini ko‘rib chiqish, viloyat Kengashi vakolatlari va funksiyalarini aniqlashtirish hamda ularning yagona reyestrini yuritish tartibi belgilab olindi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.