English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kengash raisi o‘zi o‘qigan maktabga bordi
18:52 / 2024-02-19

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi raisi, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Obidjon Hamidov partiya viloyat va tuman Kengashi mas’ullari, mahalliy Kengash deputatlari hamrohligida o‘zi ta’lim olgan G‘ijduvon tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashdi. Ular bilan dildan suhbatlashdi. Kelajakdagi orzu –rejalari bilan qiziqdi. O‘zi o‘qigan sinf xonasiga kirib o‘quvchilik yillarini esga oldi hamda maktab davridagi qiziqarli voqealarni so‘zlab berdi.

Shuningdek, bilim dargohida yaratib berilgan shart-sharoitlar, bugungi kundagi dars jarayonlari, tashkil etilgan to‘garaklar va ulardagi mashg‘ulotlar O.Hamidov e’tiboridan chetda qolgani yo‘q. Ayniqsa, uning o‘quvchi-yoshlar bilan birga shaxmat-shashka o‘ynagani, stol tennisi bo‘yicha musobaqalashgani bolalar xotirasida bir umrga saqlanib qoladi. 

O.Hamidov uchrashuv chog‘ida mamlakatimizda qabul qilingan va hayotga izchil tadbiq etilayotgan “O‘zbekiston -2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, unda ilgari surilgan asosiy maqsad va yo‘nalishlar xususida so‘z yuritdi. Jumladan, ushbu muhim hujjatda mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilganligi, bu esa bugungi yosh avlod hayotida va uning kelajakdagi taqdirida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini tilga olib o‘tdi. Ushbu strategiyada ta’kidlanganidek, joriy yilda yurtimizdagi kitobxon yoshlar soni 5 million nafarga yetkaziladi. 

Bu yil “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” 100 jildligini o‘zbek tilida nashr qilish ko‘zda tutilganligi yosh kitobxonlar saviyasini yanada yuksaltirishga qaratilgan muhim vazifalardan biridir. 

Uchrashuv doirasida sobiq o‘quvchi tomonidan maktab kutubxonasi fondini boyitish hamda o‘quvchi-yoshlarning kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish maqsadida ziyo maskaniga 100 taga yaqin badiiy adabiyot jamlanmasi taqdim etildi. 

Bayramona tadbir so‘nggida o‘quvchilar tomonidan ijro etilgan quy-qo‘shiqlar, she’rlar, badiiy chiqishlar barchaga xushnudlik baxsh etdi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri