Munosabat
Keyingi yillarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirilib, xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, oldinlari mahalliy Kengashlarning vakolatlari miqdori 20 taga ham yetmagan bo‘lsa, keyingi 8 yilda ular qariyb olti barobarga ko‘payib, 120 tadan oshdi. Birgina Prezidentning 2024 yil fevral oyidagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 33 ta funksiya va vakolat ijro hokimiyatidan mahalliy Kengashlarga o‘tkazildi.
23 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoni xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyilini ro‘yobga chiqarishda muhim qadam bo‘ldi.
Qolaversa, Farmonning qabul qilinishi mahalliy darajada xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish, fuqarolarning mahalliy boshqaruvda keng ishtirok etishiga oid demokratlashtirish jarayonlarini mustahkamlash hamda hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida nomarkazlashtirishga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tashabbuskorligini yanada oshirish maqsadida quyidagi vakolatlar Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazildi.
– davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalarini belgilash;
– dafn etish joylarini saqlash qoidalarini va dafn etish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tariflar miqdorini tasdiqlash;
– ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish;
– yo‘llarning ayrim qismlarida harakatlanish tezligini oshirish yoki kamaytirishga (tegishli yo‘l belgilari o‘rnatib) ruxsat berish;
– byudjet loyihasini ishlab chiqishda mahalliy byudjet xarajatlarining muayyan qismini mahalliy Kengash deputatlarining bevosita tashabbusi asosida shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yish;
– Oliy Majlis palatalari huzuridagi yoshlar parlamentlari tajribasidan kelib chiqqan holda, jamoatchilik asosida mahalliy Kengashlar qoshida Yoshlar guruhlari tashkil etish;
– mahalliy Kengash huzurida nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ilmiy doiralar vakillaridan iborat jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan Maslahat guruhlari tashkil etish;
– mahalliy Kengashlar kotibiyatlari faoliyatini tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan mustaqil moliyaviy hisob-kitob tizimi joriy etish;
– Xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi o‘rinbosari instituti tashkil etilishi shular jumlasidandir.
E’tiborli jihati farmon bilan taqdim etilgan ushbu imtiyozlar nafaqat mahalliy Kengashlarning tashabbuskorligini oshirish, ularni aholi muammolarini hal etishda yanada ta’sirchan va mustaqil organ sifatida shakllantirishga, shu bilan birga, aholi va tadbirkorlar manfaatlariga qaratilgan.
Misol uchun, amaldagi tartib bo‘yicha viloyat yoki tuman markazidagi eski korxona binosini ijaraga berish va ijara stavkasini belgilash hokimlar vakolatida bo‘lib kelgan. Ba’zan hokimlarning vaqti va qosh-qovog‘iga qarab bu jarayon uzoq vaqt talab qilar edi. Endi bu jarayon mahalliy Kengashlarda ko‘pchilik ovozi bilan hal bo‘ladi. Deputatlar o‘sha hududdagi bozor sharoiti, tadbirkorlar salohiyati va ehtiyojlardan kelib chiqib, ijara to‘lovining eng kam stavkasi bo‘yicha o‘zlari qaror qabul qiladi. Bu – xalqchil boshqaruv sari tashlangan navbatdagi amaliy qadamdir.
Shuningdek, yana bir vakolatga ko‘ra, mahalliy Kengashlar ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirishga mas’ul etib belgilandi. Endilikda deputatlar tomonidan mazkur toifadagi fuqarolarni ishga joylashtirish uchun har bir tashkilotda eng kam ish o‘rinlari soni belgilanib, ma’lum bir ish o‘rni zaxiraga qo‘yiladi va ularga faqat ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlargina joylashtiriladi. Bu aholi daromadini oshirish hamda kambag‘allikni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Farmonga ko‘ra, mahalliy byudjet xarajatlarining muayyan qismi Kengash deputatlari tashabbusiga asosan shakllantiriladi. Masalan, Arnasoy tumani Kengashi deputatlari aholi murojaatlari asosida 3 ta mahallaga ichimlik suvi tarmog‘i o‘tkazishni taklif qilsa, shu yo‘nalishga byudjet loyihasida zaruriy mablag‘lar ajratiladi. Bu amaliyot joylarda muammolarning tezkor hal etilishi hamda deputatlar saylovchilarga bergan va’dalarini o‘z vaqtida bajarishiga xizmat qiladi.
Sir emaski, Yangi O‘zbekistondagi har bir islohot va huquqiy hujjat zamirida yoshlar masalasiga muhim yo‘nalish sifatida alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, endilikda har bir mahalliy Kengash qoshida Yoshlar guruhlari va jamoatchilik asosida Maslahat guruhlari tashkil etiladi. Yoshlar guruhi mahalliy Kengashlar faoliyatiga yangi g‘oyalar bilan yangi qon va ruh olib kirsa, Maslahat guruhlari Kengash qarorlarini ilmiy tahlil etish va ekspertlik xulosasidan o‘tkazish nuqtai nazaridan ko‘maklashib boradi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon mahalliy Kengashlarning byurokratik idora emas, balki xalqning muammolarini yechadigan jonli va ta’sirchan kuchga aylanishi uchun huquqiy poydevor yaratadi. Muhimi, bu vakolatlar xalq va deputat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yaqinlashtiradi. Endi odamlar ko‘z oldiga mahalliy Kengashlar deganda mahalliy byudjetni tasdiqlash uchun qo‘l ko‘tarib tushiradigan deputatlar emas, xalq ovozini eshitib, muammolarni hal qilish uchun ishlaydigan haqiqiy vakil gavdalanadi.
Farrux ABDUHAMIDOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti,
Xalq deputatlari Arnasoy tumani Kengashi deputati.
O‘zA