Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kengash dehqonlarga yaqindan ko‘maklashmoqda
18:38 / 2023-03-13

O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijro etuvchi direktori To‘lqin Sattarov Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi “Bekobod” mahallasida ochiq elektron tanlov orqali 15-20 sotixdan ijaraga beriladigan yer maydonlarida bahorgi ekin ishlarini tashkil qilayotgan fuqaro, kooperatsiya, ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi MCHJ rahbarlari bilan uchrashdi.

Prezidentimizning 2022 yil 10 sentyabrdagi “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash, agrar sohada aholining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning daromadini oshirish, shuningdek, “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.  

Mazkur qarorni amaliyotga keng targ‘ib etish, hududlarda tushuntirish ishlarini olib borish va fuqarolarga yordam berishda O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari kengashi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan aholiga berilgan yer maydonidan mahsulot yetishtiruvchilarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan, urug‘lik, ko‘chat, mineral o‘g‘it hamda kimyoviy vositalar yetkazib berish, shuningdek, zaruriy agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish ishlarini olib borish uchun har bir hududga alohida xizmat ko‘rsatuvchi MCHJ biriktirilgan.  

Uchrashuvda joriy yilda Uchko‘prik tumanida yangi tashkil etilgan tomorqachilik klasteri va boshqa tayyorlov, qayta ishlash hamda eksport qiluvchi korxonalarni jalb qilgan holda yetishtirilgan tayyor mahsulotni xarid qilish, uni qayta ishlash, saqlash, ichki va tashqi bozorlarga yo‘naltirish bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi.  

Tadbir yakunida ijarachi fuqaro va hududlarga biriktirilgan kooperatsiya va MCHJ rahbarlarining muammo hamda takliflari o‘rganilib, joyida bartaraf etildi. Bir guruh dehqonlarga tashakkur bildirilib, esdalik sovg‘alari berildi.

Ma’rufjon O‘rozov,  

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer 

egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mutaxassisi