O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining asosiy vazifalaridan biri davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan munosabatlarda tizim vakillarini huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Ta’kidlash kerakki, fermer xo‘jaliklari bilan ayrim davlat tashkilotlari o‘rtasida turlicha tortishuvlar va tushunmovchiliklar uchrab turmoqda. Sababi esa sohaga tegishli normativ hujjatlarga amal qilmaslik va ularni yaxshi bilmaslik.
Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 noyabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda mahalliylashtirish darajasi 25 foizdan kam bo‘lmagan respublikadagi qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy tashkilotlar ishlab chiqargan texnikalarni xarid qilishda ushbu texnika qiymatining 15 foizini, lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizini qoplash uchun xaridorga subsidiya ajratish belgilangan.
Biroq, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi fermer xo‘jaliklari taqdim etgan hujjatlarning to‘liqmasligi haqidagi vajlari bilan Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi 11 fermer xo‘jaligiga ikki yildan buyon subsidiya mablag‘larini ajratmasdan kelingan.
Sabr kosasi to‘lgan “Naqsh jilosi” fermer xo‘jaligi rahbari Sh.Shaymanov O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga ariza bilan murojaat qildi. 2020 yilda “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnika zavodi” aksiyadorlik jamiyatidan TTZ-811 MX-1,8 paxta terish mashinasi xarid qilgan bo‘lsada, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi unga subsidiya mablag‘lari bermagan.
Murojaat o‘rganilganda haqiqatdan ham Do‘stlik tumanidagi 11 fermer xo‘jaligi “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnika zavodi” aksiyadorlik jamiyatidan paxta terish mashinalari xaridi uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 2020 yildan buyon 790 218 million so‘m subsidiya mablag‘larini bermay kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Kengash fermer xo‘jaliklarining huquqiy himoyasini ta’minlash maqsadida joriy yilning 25 mayida Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga subsidiya mablag‘lari ajratilishi masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan talabnoma kiritdi. Natijada jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 571 million so‘m subsidiya mablag‘lari 8 nafar fermer xo‘jaliklariga undirib berildi. Yana 3 nafar fermer xo‘jaliklariga 219 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilishi ko‘rib chiqilmoqda.
Zafar Mustafaqulov,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari