Sirdaryo viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari Rashid Quronbayev rahbarligida Guliston shahridagi bozor hududlarida keng ko‘lamli nazorat tadbirlari amalga oshirildi.
Tadbirlarda Guliston harbiy prokurori, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati va tegishli idoralar vakillari ham faol ishtirok etishdi. O‘rganishlarda asosiy e’tibor odamlar gavjum bo‘ladigan savdo markazlari hamda umumiy ovqatlanish shoxobchalarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qaratildi.

Ushbu nazorat tadbirlari 2 dekabr kuni bozorlardan birida sodir bo‘lgan gaz portlashi oqibatida kelib chiqqan noxush holatlardan so‘ng tashkil etildi. O‘sha kungi hodisa natijasida 29 nafar fuqaro jabrlanib, ulardan 26 nafari shifoxonaga yotqizilgan, 3 nafari esa ambulator tarzda davolangan, afsuski 3 nafar bemor hayotdan ko‘z yumgan edi.

O‘rganishlarda suyultirilgan va siqilgan gaz ballonlaridan foydalanishning xavfliligi, yong‘in-qutqaruv avtomobillarining harakatiga to‘sqinlik qiluvchi sun’iy to‘siqlarni olib tashlash zarurligi kabi masalalar alohida ko‘rib chiqildi. Shuningdek, bozorlarda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mas’ul shaxslarga aniq topshiriq va vazifalar berildi.

Sirdaryo prokuraturasi va hamkor idoralar aholi salomatligi va mol-mulk xavfsizligini ta’minlash borasida nazoratni muntazam davom ettirishlarini ma’lum qildi. Bu tadbirlar shahardagi savdo markazlari va ovqatlanish muassasalarida xavfsiz muhitni ta’minlash, yong‘in xavfini oldini olish va favqulodda vaziyatlarga tezkor reaksiya qilishda muhim ahamiyatga ega ekanligi aytib o‘tildi.


Shu bilan birga, hodisalarni oldini olish va xavfsizlik choralarini kuchaytirish orqali aholi tinchligi va salomatligini saqlash, qish oyini betalafot o‘tkazish hamda yangi yilni munosib kutib olish uchun barcha zarur choralar ko‘rilayotgani ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri