Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Keng ko‘lamli nazorat ishlari amalga oshirildi
15:43 / 2026-01-15

Sirdaryo viloyatida atrof-muhitni muhofaza qilish hamda atmosfera havosining ifloslanishini oldini olish maqsadida “Toza havo” tadbirlari izchil davom etmoqda.

Viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda uning hududiy inspektorlari tomonidan 2025 yilda o‘tkazilgan mazkur tadbirning 1–2-bosqichlari doirasida keng ko‘lamli nazorat ishlari amalga oshirildi.

Nazorat jarayonida jami 26 ming dona transport vositasi maxsus gazoanalizator uskunalari orqali tekshirildi. Natijada 169 ta transport vositasidan chiqayotgan chiqindi gazlar miqdori belgilangan ekologik me’yorlardan yuqori ekani aniqlandi. Mazkur holatlar bo‘yicha qonunchilikka muvofiq jami 32 million 353,5 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi hamda ushbu transport vositalari majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishga yuborildi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, transport vositalaridan chiqadigan zararli gazlar atmosfera havosini ifloslantirib, inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, uglerod oksidi va azot birikmalari nafas yo‘llari kasalliklarining ortishiga sabab bo‘lishi mumkin.

– Bu boradagi nazorat tadbirlari joriy yilda ham davom ettiriladi. Atrof-muhit va havo sifatiga zarar yetkazayotgan transport vositalariga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi, –  deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat No‘’monov.

Qayd etilishicha, bunday tadbirlar orqali nafaqat qonunbuzarliklarni aniqlash, balki haydovchilar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, transport vositalarini o‘z vaqtida texnik nazoratdan o‘tkazish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri