Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Keng jamoatchik ko‘tarayotgan dolzarb masalalar parlament nazorati tadbirlariga asos bo‘lmoqda
12:22 / 2020-12-18

Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisida 2020 yil mobaynida parlament yuqori palatasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

– Mahalliy Kengashlar faoliyatiga ko‘maklashish yo‘nalishida 13 ta qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, 40 dan ziyod farmon va qarorlar qabul qilinib, mahalliy Kengashlarning vakolatlari kengaytirildi, – dedi Senat Raisi T.Norboyeva. – Ilgari deputatlar har 4-5 oyda, asosan tashkiliy masalalar yuzasidan o‘tkaziladigan sessiyalarga nomiga, rasmiyatchilik uchungina kelib-ketgan bo‘lsa, endilikda hududdagi dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqmoqda. Xususan, hokimlarning amaldagi qonunchilikka zid bo‘lgan 50 ga yaqin qarori bekor qilingan. Mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy jazo choralarini ko‘rish bo‘yicha mutasaddi idoralarga mingga yaqin taklif kiritilgan, shu jumladan, 32 nafar mansabdor shaxsni egallab turgan lavozimidan ozod etish masalasi qo‘yilgan.

O‘z navbatida, Senatning mahalliy Kengashlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ sifatidagi rolini yanada kuchaytirish maqsadida Senatga mahalliy Kengashlarning qonun hujjatlariga zid bo‘lgan qarorlarini bekor qilish vakolati berilmoqda.  Bundan tashqari, yaqinda qonunchilikka kiritilgan qo‘shimchalar orqali barcha darajadagi mahalliy Kengashlarda alohida kotibiyatlar tashkil etildi. Ishonamizki, yangi tashkil etilgan kotibiyatlar bu borada mahalliy Kengashlarning tom ma’nodagi haqiqiy ishchi organiga aylanadi va kelgusida ular faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Yana bir jihat. Fuqarolarning murojaatlari bilan bir qatorda, OAV, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda, qolaversa, jurnalistlar, blogerlar, fuqarolar, umuman olganda, keng jamoatchik ko‘tarayotgan dolzarb masalalar keng ko‘lamdagi parlament nazorati tadbirlariga asos bo‘lmoqda. Xususan, bevosita fuqarolar murojaatlari asosida “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen holat oqibatlarini bartaraf etish, halokat tufayli zarar ko‘rgan aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar holati bevosita joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganish natijalari Senat Kengashining Sirdaryoda o‘tkazilgan sayyor majlisida Hukumat a’zolari ishtirokida muhokama qilinib, ko‘pgina masalalar hal etilgandi.