"O‘zatom" agentligida "Atom energetikasi: manfaatdor tomonlar bilan birgalikda infratuzilmani yaratish" mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda "O‘zatom" agentligi mutaxassislari, AES qurilishi direksiyasi xodimlari, xususiy sektor va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Unda Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) eksperti, AQSHning yadro energetikasi sohasida manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Kelli Barfild har bir davlat ravnaqi va iqtisodiy barqarorligida atom energetikasining o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Muhokamalarda yadro energetikasi sohasidagi milliy dasturlarni amalga oshirish, manfaatdor tomonlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, atom energetikasini rivojlantirish jarayonida infratuzilmani hamkorlikda yaratish sohaning barqaror va xavfsiz rivojlanishi uchun hal qiluvchi omil hisoblanadi. Bu, avvalo, milliy va xalqaro manfaatdor tomonlar o‘rtasida tajriba, texnologiya va resurslar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, kadrlar salohiyatini oshirish hamda ilg‘or amaliyotlarni joriy etish imkonini beradi. Shunday hamkorlik samarasida yadro energetikasidagi loyihalarni amalga oshirishda xavfsizlik standartlari, ekologik talablar va iqtisodiy samaradorlikka erishish mumkin.
XAEA eksperti AQSHning ilg‘or tajribasi, amaliyotda qo‘llanayotgan samarali yechimlar va atom sanoatini rivojlantirishga manfaatdor tomonlarni jalb qilish usullariga ham urg‘u berdi.
– Energiya hamma narsaga "kuch" beradi. Kilovattlar orzularni ro‘yobga chiqaradi. Ishonchli va arzon elektr energiyasi bo‘lmasa, mamlakat iqtisodiyotini oldinga siljita olmaysiz. Bu har doim fundamental bo‘lgan. Biz resurslarni butun dunyodan olamiz. Shu bois, sizning, masalan, XAEA yoki Qo‘shma Shtatlar kabi rivojlanayotgan ishlab chiqaruvchi mamlakatlar bilan hamkorligingiz juda muhim, – deya ta’kidladi Kelli Barfild.
Seminar so‘ngida ishtirokchilar AES xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan zamonaviy texnologiyalar va elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning oshib borishi sharoitida atom energetikasining ijtimoiy-iqtisodiy istiqbollarini muhokama qildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA