Falastin ommaviy axborot vositalari G‘azoga Isroil harbiy-havo kuchlari tomonidan uyushtirilgan kuchli havo hujumi haqida xabar berdi. Isroil mudofaa armiyasi hozircha bu ma’lumotni izohlamadi, deya xabar bermoqda Evronews.
Seshanba kuni Bosh vazir Binyamin Netanyahu SAXALga “tez va kuchli zarba” yo‘llash to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.
Isroil ommaviy axborot vositalari yozishicha, Netanyahu SAXAL nazorati ostidagi hududni kengaytirish bo‘yicha ham qaror qabul qilgan. Binobarin, hukumat rahbari devoni bu borada izoh bermagan. Ma’lumotga ko‘ra, Netanyahu o‘z rejasini muvofiqlashtirish uchun AQSHning yuqori martabali rasmiylari bilan muzokara olib boryapti.
Hozir G‘azoda 13 nafar garovga olingan shaxsning jasadi borligi taxmin qilinyapti. HAMAS vakillari seshanba kuni tutqunlardan birining jasadi topilgani, ammo Isroil hujumi tufayli jasadni topshirish kechikkanini aytgan. Umuman, guruh sektordagi ulkan vayronagarchilik sabab,jasadlarni topish juda qiyin kechayotganiga urg‘u bergan. Isroil esa marhumlar atay qaytarilmayotganini ta’kidlagan.
O‘tgan hafta oxirida Misr qolgan garovdagilar jasadini qidirishga yordam berish uchun hududga mutaxassislar guruhi va og‘ir texnika vositalari yuborgan. Qidiruv ishlari davom etyapti.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens yuzaga kelgan holat haqida jurnalistlarga ma’lumot berarkan, sulh tartibi saqlanib qolishi, lekin kichik to‘qnashuvlar ham yuz berishi mumkinligini istisno etmagan.
SAXAL bosh shtabi rahbari esa Tinchlik kelishuvidan keyingi voqealarda HAMASni ayblab, bunga javoban Isroil “sukut saqlamasligi”ni bildirgan.
O‘z navbatida HAMAS otashkesimga sodiqligini tasdiqlab, Isroilni shartni buzishda aybladi. Vositachilarni esa Isroilga bosim o‘tkazib, “xavfli holat”ni bartaraf qilishga chaqirdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MfsjR5eCGjk" title="Kelishuvni kim buzyapti?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA