Rossiya Federatsiyasi Davlat film fondida saqlanayotgan "Kelinlar qo‘zg‘oloni" va "Achchiq danak" filmlari hamda 60 yillarning 9 ta multiplikatsion filmi etalon negativlaridan raqamlashtirilib, O‘zbekistonga qaytarildi.
Loyiha O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati ko‘magida amalga oshirilmoqda.
O‘zbek kinosining oltin fondidan joy olgan “Kelinlar qo‘zg‘oloni” filmi suratga olinganiga 35 yil to‘ldi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad asari asosida yaratilgan film rejissyori Melis Abzalov, ssenariy muallifi Eduard Akopov, postanovkachi operator Najmiddin G‘ulomov, kompozitor Mirhalil Mahmudov, postanovkachi rassom Emonuel Kalantarov. “Achchiq danak” filmi esa joriy yilda 45 yillik yubileyini nishonlamoqda. Bolalar uchun mo‘ljallangan film rejissyori Qamara Kamolova, ssenariy muallifi Yaroslav Filippov, postanovkachi operator Aleksandr Pann, kompozitor Rumil Vildanov, postanovkachi rassom Narimon Rahimboyev.
Respublika kinofondi DUK tomonidan Rossiya Federatsiyasi Davlat kinofilm fondi bilan o‘zbek kinosining oltin merosiga aylangan «Tohir va Zuhra» (1945, rejissyor Nabi G‘aniyev), «Mahallada duv-duv gap» (1960, rejissyor Shuhrat Abbosov), "Ali bobo va 40 qaroqchi" (1980, rejissyor Latif Fayziyev), «Leningradliklar, bolalarim mening…» (1980, rejissyor Damir Salimov) kabi o‘nlab filmlarni raqamlashtirib, O‘zbekistonga qaytarish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida tadbirkor Alisher Usmonovning ko‘magi bilan "O‘tkan kunlar" filmi ham xuddi shunday tartibda yurtimizga qaytarilgan edi.