Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kelgusi yilda inflyatsiya 9-10 foiz oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilinmoqda
18:19 / 2020-12-10

O‘zbekiston Markaziy bankidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning noyabr oyida iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi.

Iqtisodiyotda asosiy stavkaning pasaytirilishi, maqbul foiz stavkalari mexanizmining joriy etilishi, majburiy zaxiralash me’yorlarining yumshatilishi va likvidlik taqdim etish bo‘yicha Markaziy bank pul-kredit operatsiyalari hajmining ortishi fonida pul-kredit sharoitlarining nisbatan yumshab borishi davom etdi.

Oktyabr oyida milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 19,2 foizgacha pasaydi. Yanvar-noyabr oylarida tijorat banklari 112,2 trillion so‘mlik kredit ajratdi. Yuridik shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari 14,2 foiz, jismoniy shaxslar uchun esa 17 foiz darajasida shakllandi.

Ushbu davrda bank tizimidagi depozitlar o‘sishi saqlanib qoldi. Xususan, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida milliy valyutadagi depozitlar 16 foizga, jumladan, jismoniy shaxslarning depozitlari 22,5 foizga ko‘paydi.

Bunda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab trendi milliy valyuta kursi shakllanishining asosiy omili bo‘ldi. Shu sababli, qat’iy karantin sharoitlarida ham valyuta kursi nisbatan barqaror bo‘ldi va iqtisodiy faollikning tiklanishi sharoitida chet el valyutasiga bo‘lgan kechikkan talabning namoyon bo‘lishi bilan devalvatsiya sur’atining biroz tezlashishi kuzatildi. Xususan, karantindan keyingi avgust-noyabr oylarida milliy valyuta kursi 2,2 foizga qadrsizlandi.

Joriy yil noyabr oyi yakunlari bo‘yicha, so‘mning real samarali almashuv kursi ijobiy tafovuti qisqarib, o‘zining fundamental trendiga yaqin darajada shakllandi.

Kelgusi oylarda iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi xatarlar ehtimoli past darajada saqlanib qolmoqda. Asosiy xatarlar oziq-ovqatlar bozoridagi qisqa muddatli tendensiyalar bilan bog‘liq. Jumladan, mavsumiy omillar, raqobat sharoitlari, jahon oziq-ovqat bozorlari kon’yunkturasi ta’sirida ularning narxi qimmatlashish yaqin kelajakda inflyatsiyani oshiruvchi xatar sifatida qaralmoqda.

Shu nuqtai nazardan, ichki bozorda tovarlar taklifining zarur hajmini barqaror darajada ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Bunda ushbu tovarlar guruhi uchun tarif va notarif cheklovlarni yumshatish orqali muhim iste’mol tovarlari narxlarining yanada pasayishiga erishish imkoniyati mavjud.

Ayrim tarmoqlarda narxlarning ko‘tarilishiga ishlab chiqaruvchilarni energiya resurslari bilan ta’minlashdagi uzilishlar sababli xarajatlarning ko‘payishi va ishlab chiqarishning vaqtincha to‘xtashi sabab bo‘lishi mumkin. Iqtisodiyotda kredit yuki o‘sish sur’atlarining tezlashishi kuzatilmoqda. Yil yakuni bo‘yicha ushbu ko‘rsatkichning YAIMga nisbatan 48-50 foizgacha yetishi kutilmoqda, 2017 yil oxirida YAIMga nisbatan 35-37 foiz atrofida shakllangan.

2020 yil yakuni bo‘yicha yillik inflyatsiya darajasining 11-11,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Asosiy ssenariy bo‘yicha 2021 yilda inflyatsiya darajasining yillik 9-10 foiz oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Markaziy bank tashqi va ichki sharoitlar ta’sirida inflyatsiyaning omillari va xatarlari mohiyatini sinchkovlik bilan o‘rganishni davom etadi va inflyatsiyaning prognoz dinamikasidan kelib chiqib asosiy stavka bo‘yicha tegishli qarorlarni qabul qiladi.

O‘zA