Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kelgusi yilda bajariladigan ishlar belgilab olindi
15:49 / 2025-12-25

Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida kelgusi 2026 yilgi ekin mavsumi uchun zamonaviy agrotexnologiyalar, yuqori hosildorlikni ta’minlash va suv resurslaridan tejamkor foydalanishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.

Bu haqda tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, 2025 yilda amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar yuqori samara berdi. Jumladan, 7 500 gektarda g‘alla yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik 50–60 sentnerga yetdi. Shu bilan birga, 7 000 gektarda chigit ekilib, maydonlarning 45 foizida zamonaviy Xitoy navlari qo‘llanildi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq, ya’ni 31 ming tonna paxta xomashyosi tayyorlandi.

Kirib kelayotgan 2026 yilda chigit ekilgan maydonlarning 70 foizini “Shinjon” texnologiyasi asosida qayta tashkil etish belgilangan. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu texnologiya paxtadan o‘rtacha 60 sentner hosil olish imkonini yaratadi.

Yangi mavsumda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Qarorga ko‘ra, 7 ming gektarda tomchilatib, 750 gektarda yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari ishga tushiriladi. Bu orqali 10 ming 300 kub metrgacha suv tejash maqsad qilib qo‘yilgan. Mutaxassislar bu amaliy qadam suv sarfini kamaytirish bilan birga, dalalardagi hosildorlikning barqaror o‘sishiga xizmat qilishini qayd etdilar.

Shuningdek, yig‘ilishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri bajarish, tuproq unumdorligini saqlash, zamonaviy o‘g‘itlash va qishloq xo‘jaligi resurslaridan samarali foydalanishning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Mutaxassislar “Shinjon” texnologiyasining afzalliklari hamda uning hosildorlikka bevosita ta’siri haqida batafsil ma’lumot berdi.

Fermerlar, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va soha mutasaddilari yig‘ilishda ishtirok etib, 2026 yilgi ekin mavsumini tashkil etishdagi muammo va takliflarini bildirishdi. Ularning ta’kidlashicha, tumanning agrar salohiyati yuqori bo‘lib, belgilangan chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilsa, hosildorlik va eksportbop mahsulotlar hajmi sezilarli darajada oshadi.

Yig‘ilish yakunida barcha mutasaddilar zimmasiga aniq vazifalar yuklandi. Har bir qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanib, mas’ullardan kelgusidagi ishlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosi talab etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri