Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida fraksiya a’zolari soliq va bojxona stavkalarining o‘zgarmasdan qoldirilishi byudjet daromadlarini iqtisodiy o‘sish hisobidan ta’minlash imkonini berishini ta’kidladi. Bu esa soliq ma’murchiligidagi islohotlar natijasida sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish, “yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirish va mahalliy byudjetlarning mustaqilligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida fraksiya a’zolari tomonidan bildirilgan bir qator takliflar e’tiborga olingani va hujjat matnida aks etgani qayd etildi.

Xususan, fraksiya a’zolari taklifiga muvofiq, Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatlarida onkologik va yuqumli bo‘lmagan boshqa kasalliklarning o‘tkazib yuborilgan bosqichini boshidan kechirayotgan bemorlarni statsionar hamda ambulatoriya sharoitida, shuningdek, uyda tibbiy davolash imkoniyati bo‘lmaganda, ularga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatadigan hududlararo xospislarni tashkil etish uchun 50 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilayotgani urg‘ulandi.
Deputatlar byudjet mablag‘larini manzilli yetib borishini ta’minlash, samaradorlikka e’tibor qaratish lozimligini alohida qayd etdi.
M.Komilova, O‘zA