Oqoltin tumanida dehqon va fermerlar uchun haqiqiy amaliy dars bo‘lgan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Tadbirda g‘o‘za maydonlarini defoliatsiya qilish, paxta yig‘im-terimini samarali uyushtirish hamda 2026 yil hosili uchun kuzgi g‘alla ekishning eng muhim jihatlari amaliyot bilan uyg‘un holda ko‘rsatib berildi.
Seminarda dehqon-fermer xo‘jaliklari vakillari, tajribali agronomlar hamda “Ifoda” kompaniyasi mutaxassislari ishtirok etib, defoliantlardan foydalanishning afzalliklari va xavfsiz qoidalari yuzasidan ko‘rgazmali mashg‘ulot o‘tkazdi. Mutaxassislar yuqori hosil olish uchun g‘o‘za barglarini qisqa vaqt ichida va sifatli ravishda to‘kish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda tumanda 38 ta purkagich tayyor holatga keltirilib, zarur kimyoviy vositalar zaxirasi yaratildi.


Kelgusi yil hosili uchun esa 12 ming gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekilishi belgilandi. Agronomlar navlarni to‘g‘ri joylashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish va hosildorlikni oshirishga xizmat qiladigan tavsiyalar berdi. Bu ishlarga 70 ta yuqori unumli texnika, 80 ta qator orasiga ishlov beruvchi va 30 ta mineral o‘g‘it sepuvchi moslama biriktirildi.


– Bugungi seminarning ahamiyati katta. Bu dehqon va fermerlarimiz uchun amaliy maktab, tajriba almashish imkoniyatidir. Har bir tavsiya va ko‘rgazmali mashg‘ulot kelgusi yil hosilini ko‘paytirish, dehqon va fermerlarimizning daromadini oshirish, aholining dasturxonini to‘kin, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi, – dedi tuman Fermerlar Kengashi raisi Akbar Tangirov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri