Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kelgusi yil hosili uchun 8 ming tonnadan ortiq urug‘lik chigit tozalab, saralandi
16:06 / 2025-12-19

Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab 2026 yil paxta hosili uchun urug‘lik chigit tayyorlash bo‘yicha belgilangan rejalar asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, kelgusi yil hosili uchun jami 45 ming 500 tonna urug‘lik chigitni tozalash-saralash, 19 ming 900 tonnasini tuksizlantirish hamda 27 ming 900 tonnasini dorilash ishlari rejalashtirilgan.  

Bu haqida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi matbuot xizmati rahbari Charos Omonova ishtirokida o‘tkazilgan  brifingda ma’lumot berildi.

Tozalash-saralash ishlari asosan noyabr-yanvar oylarida, xorijiy navlar bo‘yicha esa noyabr-dekabr oylarida amalga oshiriladi. Dorilash ishlari esa dekabr-fevral oylarida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunga qadar urug‘lik tayyorlash korxonalari tomonidan 8 ming 700 tonna, ya’ni rejaning 19,2 foizi miqdorida urug‘lik chigit tozalab, saralandi. Shuningdek, 505 tonna urug‘lik chigit tuksizlantirilib, 587 tonnasi dorilandi.

Xorijiy nav urug‘lik chigitlari hududlarda mavjud bo‘lgan 9 ta lazerli fotoseparator bilan jihozlangan zamonaviy urug‘lik tayyorlash korxonalarda tuksizlantirilib, saralanmoqda hamda dorilanib, belgilangan tartibda qadoqlanmoqda. Urug‘lik chigitni belgilangan muddatlarda tayyorlash uning tinim davrini to‘liq o‘tashiga, shuningdek, ekinboplik sifat ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, joriy yilda tayyorlanadigan urug‘lik chigitni qadoqlash uchun 1 million 197 ming dona qog‘oz qop, shuningdek, qishloq xo‘jaligi zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish maqsadida 83 tonna kimyoviy preparatlarga ehtiyoj mavjud. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutining tavsiyalariga muvofiq, paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda xususiy urug‘chilik xo‘jaliklari tomonidan ildiz chirish, gommoz, shira, trips va boshqa kasallik hamda zararkunandalarga qarshi zamonaviy kimyoviy vositalardan foydalanilmoqda.

Urug‘lik chigit tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ushbu ishlar 2026 yil hosili uchun sifatli va raqobatbardosh urug‘lik zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA