“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi
Keyingi yillarda fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimi tubdan takomillashtirildi. Aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi samarali mexanizmlari va usullari joriy etildi.
Xususan, mamlakat taraqqiyoti va fuqarolar turmush farovonligini ta’minlashga qartilgan har bir hujjat va loyihalar, eng avvalo, keng jamoatchilik hamda ekspertlar muhokamasidan o‘tkazilib, keyin qabul qilinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 31 iyul kunidan boshlab, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalari keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Mamlakatimizni kelgusi yetti yilda taraqqiy ettirishga qartilgan ushbu hujjatda har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini oshirish, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish hamda mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirish kabi 5 ta muhim ustuvor yo‘nalish doirasida 100 ta maqsad belgilab berilgan.
Xususan, iqtisodiy islohotlar izchil davom ettirilishi natijasida bank xizmatlari bozori hajmini ko‘paytirish va sohada raqobatni rivojlantirish hamda “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirishga qartilgan qator maqsadlar belgilangan.
Ya’ni, kelgusi yetti yilda bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmi 40 milliard dollarga yetkazilib, bank omonatlari hajmi 4 barobarga oshiriladi. Kredit foizlari 10-12 foizgacha tushiriladi. Shu bilan birga, kamida 3 ta tijorat bankida Islom moliyasi mezon va tartiblari joriy etilib, banklarni xususiylashtirish va davlat ixtiyorida 3-4 ta bankni saqlab qolish, bank bozoriga kamida 4 ta yirik nufuzli chet el bankini jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, iqtisodiy islohotlarning qon tomiri bo‘lgan energiya resurslari bilan bog‘liq muammolar yechimi yuzasidan ham qator takliflar ilgari surilmoqda. Jumladan, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 118 milliard kVt, tabiiy gaz qazib olish hajmi 62 milliard kub metrga yetkazilib, iqtisodiyot tarmoqlarining energiya samaradorligi ikki barobarga oshiriladi.
Bundan tashqari qayta tiklanuvchi energiya manbalari 25 ming mega-vattga hamda jami iste’moldagi ulushi 40 foizga yetkaziladi. Ekologiyaga zarar yetkazmaydigan infratuzilmani shakllantirish va sanoat korxonalarida “aylanma iqtisodiyot” amaliyotini joriy qilish jarayonlari rag‘batlantiriladi.
9 gVt quyosh va 5 gVt shamol elektr energiyasi stansiyalari davlat-xususiy sheriklik asosida hamda quvvati 1,9 gVt 28 ta gidroelektr stansiyalari qurilib, 3 gVt quvvatli 3 ta issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish orqali tabiiy gaz sarfi kamaytiriladi.
Umuman olganda, mazkur strategiyada nafaqat iqtisodiy yo‘nalishda, shu bilan birga, barcha tarmoq va sohalarda aholi turmush farovonligini oshirish, mamlakat taraqqiyotini ta’minlashga qartilgan qator takliflar ilgari surilgan. Shu bois, barchamiz ushbu muhokamalar jarayonida faol ishtirok etib, o‘z fuqarolik pozitsiyamizni bildirishimiz muhim sanaladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA