Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida sud qarorlari ijrosini so‘zsiz ta’minlamay turib, fuqaro va tadbirkorlar huquqining ishonchli tiklanishiga erishib bo‘lmasligi qayd etildi. Shu bois, majburiy ijro jarayoniga samarali muqobil mexanizmlar kiritilishi, natijada sohaga sun’iy intellekt joriy etilib, kelgusi ikki yilda ijro harakatlarining 30 foizi inson omilisiz amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Murojaatnomada ijro tizimiga e’tibor qaratilgani bejiz emas. Chunki qarorlar ijrosi amalda ta’minlangandagina ko‘zlangan maqsad amalga oshadi.
Shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida Majburiy ijro byurosi (MIB) axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov quyidagilarni qayd etdi:
– MIB organlari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirish vaqtida ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorliklarni undirish masalalari bo‘yicha yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlarning barcha axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Byuroning “MIB portal” dasturi 39 vazirlik, idora va tashkilotlarning 68 axborot tizimiga integratsiya qilingan. Shu bilan birga, sudlar va 52 ma’muriy organdan ijro hujjatlarini elektron tarzda qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda ijro sohasiga IT - texnologiyalarning keng joriy etilishi natijasida 36 ijro harakatidan 22 tasi “MIB portal” dasturi orqali amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida ijro ishi doirasida qabul qilingan 95 million qarordan 63 milliontasi yoki 66 foizi inson aralashuvisiz avtomatik tarzda qabul qilindi.
Har bir ijro harakati, shu jumladan, qo‘llanilgan cheklovlar haqida qarzdorlarni avtomat tarzda xabardor qilish tizimi yo‘lga qo‘yilib, joriy yilda 76 million “SMS- xabarnoma” avtomatik tarzda fuqarolarga jo‘natildi.
Ijro jarayonida qarzdorlar mol-mulklarni begonalashtirish orqali to‘lovlardan bo‘yin tovlashining oldini olish maqsadida mulklarni aniqlash, ularga taqiq qo‘yish, transportlarga qidiruv e’lon qilish, yuridik shaxslarning hisob-varaqlariga inkasso va band qo‘yish amaliyoti avtomatlashtirildi.
O‘tgan davrda inson aralashuvisiz qarzdorlarga tegishli 17,2 million mulkka taqiq, hisob-varaqlarga 1,8 million band, 669 ming inkasso qo‘yildi va 2,1 million transportga qidiruv e’lon qilindi.
Qarzdorlarni ortiqcha ovora qilish va davlat ijrochisi bilan muloqotining oldini olish maqsadida elektron to‘lov tizimlari orqali qarzdorlik bartaraf etilganida qo‘llanilgan cheklov va taqiqlar bekor bo‘lishi avtomatlashtirildi.
O‘tgan davrda elektron to‘lov tizimlari orqali 17 trillion so‘m undirilib, qo‘llanilgan 200 mingta cheklov inson omilisiz bekor qilindi.
Shuningdek, qonuniy asoslar mavjud bo‘lganda, ya’ni qarzdor elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lovlarni amalga oshirganda, hujjatlarni inson omilisiz tamomlash yo‘lga qo‘yildi.
Qarzdorlarning ish haqi va unga tenglashtirilgan daromadlarini aniqlash hamda undiruvga qaratishning onlayn tizimi joriy etilib, 723 ming ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlarning daromadlaridan 277 milliard so‘m undirildi.
Bundan tashqari, ijro ishlari bo‘yicha ish yurituvni elektron shaklda yuritish joriy qilinib, ijro ishlari bo‘yicha majburiy ijro harakatlari davomida qo‘llaniladigan protsessual hujjatlarning yagona elektron shakli ishlab chiqilgan.
Shu bilan birga, davlat ijrochilari planshet vositalari bilan ta’minlanib, shu orqali davlat ijrochisi hududda yurgan vaqtida ish yurituvidagi ijro ishlari haqidagi ma’lumotlarni onlayn rejimda olmoqda.
Byuro organlari tomonidan Prezidentimiz bildirgan fikrlardan kelib chiqib, ijro harakatlarini inson omilisiz amalga oshirish, fuqarolarga interaktiv xizmatlar orqali qulaylik yaratish, sohani yanada raqamlashtirish borasidagi ishlar yanada kengaytirilmoqda.
Norgul Abduraimova,
O‘zA