O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda kelgusi besh yilda poytaxtimizni rivojlantirish bo‘yicha tayyorlangan takliflar haqida gapirdi.
– Tahlillarga ko‘ra, 2026 yilga borib, poytaxt aholisi 3,2 million nafardan ortishi kutilmoqda. Yana yarim milliondan ziyod odam kuniga shaharga kelib ketadi. Bu, o‘z navbatida, shahar infratuzilmasi, ta’lim, tibbiyot, jamoat transporti,
uy-joy kommunal va boshqa barcha sohalarda yuklama ancha oshishiga olib keladi. Shularni inobatga olib, kelgusi besh yilda Toshkent shahrini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlandi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Jumladan, kelgusi besh yilda “Toshkent yashash uchun qulay yashil shahar”, “Biznes uchun ulkan imkoniyatlar shahri”, “Mintaqaviy investitsiyalar markazi”, “Raqamli poytaxt”, “Bilim va innovatsiyalar shahri”, “Poytaxt – madaniyat va ma’rifat bulog‘i”, “Sog‘lom turmush va sifatli tibbiyot” dasturlari amalga oshiriladi.
O‘zA