Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kelgusi besh yilda dehqon va fermerlar daromadi 2 baravarga oshiriladi
16:16 / 2022-02-01

Azaldan dehqonchilik yer yuzidagi eng sharafli va mashaqqatli kasblardan biri hisoblanib kelgan. Shu bois yurtimizda qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari doimiy ravishda e’zozlanib ularning mehnati ulug‘lanadi. Ayniqsa, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida uzoqni ko‘zlagan holda amalga oshirilayotgan tub islohotlar sabab tizimda salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Barchamizga ma’lumki, 2021 yil yakunida mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotini ta’minlovchi 2022-2026 yillarga
mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etildi. Ushbu hujjat loyihasida boshqa sohalarda bo‘lgani kabi mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasini jadal rivojlantirish, sohada suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish, chorvachilik ozuqa bazasini kengaytirish kabi bir qator ustuvor maqsadlar belgilab berilgan edi.

O‘tgan vaqt davomida fuqarolarimiz va soha mutaxassislari tomonidan berilgan takliflar sabab, loyihada nazarda tutilgan maqsadlar yanada takomillashib, qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning aniq mexanizmlari belgilab qo‘yildi.
Xususan, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonida mamlakatimizni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan 100 ta maqsadlarning bir nechtasi, ya’ni, 30-31-32-maqsadlar aynan sohani isloh qilishga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.

Jumladan, 30-maqsadda qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kelgusi besh yilda kamida 2 baravarga oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini esa kamida 5 foizga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun tumanlarni aniq mahsulot turini yetishtirishga ixtisoslashtirish, qishloq xo‘jaligida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish va sug‘urtalashning yangi mexanizmlarini amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, yangi va foydalanishdan chiqqan 464 ming gektar maydonni o‘zlashtirish va klasterlarga ochiq tanlov asosida ajratish, 200 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish hamda aholiga ochiq tanlov asosida uzoq muddatli ijaraga berish va bugun barcha soha rivoji uchun muhim bo‘lgan ilm-fan va innovatsiyaga asoslangan agroxizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish vazifasi belgilangan.

Xususan, birgina 2022 yilning o‘zida Farg‘ona, Samarqand, Jizzax, Andijon, Navoiy hamda Xorazm viloyatlarida agroxizmat markazlari tashkil etilib, qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarni xizmatlar bilan qamrab olish darajasi 30 foizga yetkaziladi.
bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasi rivoji yo‘lida hal etilishi lozim bo‘lgan eng muhim muammolardan biri, bu – suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasidir. Shu boisdan ham taraqqiyot strategiyasining 31-maqsadida suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish bo‘yicha alohida davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha alohida vazifa belgilangan.

Ushbu vazifaning sohaga tatbiq etilishi natijasida suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 milliard kubmetr suvni iqtisod qilish, suv xo‘jaligi ob’ektlarida elektr energiyasi iste’molini kamaytirish hamda suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarishning zamonaviy mexanizmlari ishga tushiriladi.

Hech kimga sir emaski, aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash jarayonida chorvachilik sohasining ham alohida o‘rni bor. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida chorvachilik ozuqa bazasini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini 1,5-2 baravar ko‘paytirish bo‘yicha ham alohida maqsad belgilangan.

Xususan, 2022 yilning o‘zida chorva mollari bosh sonini ko‘paytirish va mahsuldorligini oshirish bo‘yicha 1 868 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy, Toshkent va Xorazm viloyatlarida 100 ming bosh go‘sht yo‘nalishidagi tez yetiluvchan qoramollarning yangi zotlarini ko‘paytirish, parrandachilik yo‘nalishidagi 306 ta loyihalarni amalga oshirish, shundan, 7 ta korxonani modernizatsiya qilish va kengaytirish hamda 3 ta klaster yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirish vazifa qilib qo‘yilgan.

Umuman olganda, ushbu maqsadlarning sohaga va hayotimizga tizimli ravishda izchillik bilan tatbiq etilishi natijasida avvalo aholimiz dasturxonini o‘z vaqtida sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va eng muhimi minglab yangi ish o‘rinlari yaratish orqali fuqarolar turmush farovonligini oshirishga erishiladi.

Dilrabo XOLBOEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati