Ma’lumki, Ozarbayjonda 2025 yil aprelga belgilangan prezidentlik saylovini navbatdan tashqari 2024 yil fevralda o‘tkazishga qaror qilindi. 2003 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan Ilhom Aliyev 2018 yil 11 aprel kuni to‘rtinchi bor qayta saylangan.
Davlatning amaldagi yetakchisi farmoyishiga ko‘ra, muddatidan oldingi prezident saylovi 7 fevralda bo‘lib o‘tadi.
– Ozarbayjon Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti saylovini 2024 yil 7 fevralga tayinlash va tadbir Saylov kodeksida belgilangan tartibda o‘tkazilishi ta’minlansin, – deyiladi farmoyishda.
Mamlakat Konstitutsiyaga ko‘ra, Respublika Prezidenti yetti yil muddatga umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida erkin, shaxsiy va yashirin ovoz berish orqali, saylovchilarning yarmidan ko‘p ovozi bilan saylanadi. Agar birinchi bosqichda ko‘pchilik ovoz qayd etilmasa, ikkinchi tur faqat ikki nomzod ishtirokida tashkil qilinadi.
2016 yil sentyabrda Ozarbayjon Konstitutsiyasiga olti yangi modda qo‘shildi, amaldagi moddalarga 23 o‘zgarish kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Natijada prezidentning vakolat muddati 5 yildan 7 yilga oshirildi, davlat rahbariga Milliy Majlis (bir palatali parlamenti)ni tarqatib yuborish va muddatidan oldin prezidentlik saylovini tayinlash vakolati berildi. Bungacha, 2009 yilgi referendumda bir kishining ikki martadan ortiq prezidentlikka qayta saylanishi to‘g‘risidagi cheklov bekor qilingan edi.
Qayd etish kerak, 2024 yil 7 fevralga belgilangan navbatdan tashqari prezidentlik saylovi mustaqil Ozarbayjon tarixida ilk bor butun mamlakat bo‘ylab o‘tkaziladi. Yetti nafar da’vogar orasida, jumladan, amaldagi davlat rahbari Ilhom Aliyev ham bor. 5 nafar nomzod siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan, ikkitasi o‘zini-o‘zi ko‘rsatgan.
Go‘zal Sattorova tayyorladi.
O‘zA