Rossiya-Ukraina
AQSH Prezidenti Jo Bayden Kongress Kiyevga yordam dasturini qo‘llashdan voz kechsa ham, kelgusida ko‘maklashish uchun mablag‘ topib bera oladi, dedi. Bayonotga ko‘ra, Ukrainaga salmoqli moliyaviy yordam taqdim etish qarori tasdiqlanmaganidan u ancha tashvishga tushgan.
Shimoliy Alyans bosh kotibi o‘rinbosari Mirchi Joane raisligida o‘tgan Ukraina – NATO Kengashi yig‘ilishida Kiyevga uzoq muddatli yordam ko‘rsatish, Vilnyus sammiti qarorlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilingan. Bu haqda tuzilma matbuot xizmati ma’lum qilgan.
- Ukraina xavfsizligi NATO uchun jiddiy ahamiyatga ega, - degan u.
Ukraina Bosh vazirining Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Olga Stefanishina qayd etishicha, Kengash yig‘ilishi davomida Kiyev Alyans bilan hamkorlikda amalga oshirishi nazarda tutilgan dastur taqdim etilgan. Bu haqda u “Rada” telekanaliga intervyusida aytgan.
Yevropa mamlakatlari Kiyevni moliyalashtirish bo‘yicha Vashingtonga yetib olmaguncha, Qo‘shma Shtatlar Kiyev hukumatini qo‘llash xarajatini tiyib turishi kerak. Bu haqda Amerika sobiq Prezidenti Donald Tramp “Truth Social” portali orqali bildirgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa AQSHdan Ukrainani qo‘llashda 175 milliard dollar ortda qolmoqda.
Anqara oktyabr oyi oxirigacha Ukrainadagi ziddiyatni hal etish bo‘yicha xalqaro uchrashuv o‘tkazishni rejalamoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Bloomberg” agentligi ma’lum qildi. Xabarda Istanbul anjumanida AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan ham ishtirok etadi. Bunday uchrashuvlar iyun oyida Daniyada, avgustda Saudiya Arabistonida tashkil etilgan.
G‘arb mamlakatlarining, Ukraina Qurolli kuchlariga ko‘mak berish nuqtai nazaridan, zaxirasi, deyarli, tugab qoldi, dedi NATO Harbiy qo‘mitasi boshlig‘i admiral Rob Bauer. U G‘arb mamlakatlarini qurol-aslaha ishlab chiqarishni ko‘paytirishga chaqirib, iqtisodiy modernizatsiya zarurligiga e’tibor qaratdi.
Avstriya Ukraina masalasida tiklanish jarayoni boshlanishiga umid bildiradi, dedi respublika TIV rahbari Aleksander Shallenberg “Bild” nashriga intervyusida.
Italiya mudofaa vaziri Guido Krozetto fikricha, 2024 yil bahorida Rossiya va Ukraina ziddiyatini hal etish bo‘yicha muloqot boshlanadi. Xalqaro munosabatlar bo‘yicha Chikago kengashi tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda qatnashgan amerikaliklarning yarmi Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatishi kerakligini aytgan. 45 foiz respondentlar yetkazib berilgan 43 milliard dollarlik yordam samarasiz ketganini ta’kidlagan.
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Ukraina bilan ko‘chmanchilar va ularning oila a’zolari huquqi himoyasiga oid bitimni harakatdan to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Prezident Vladimir Zelenskiy Ukraina armiyasiga qarshi hujum uchun qurol-aslaha, havo hujumidan mudofaa vositalari yetishmayapti, dedi.
“Sky TG24”telekanaliga intervyusida u “harbiylar va aholi uchun” qish faslida faollikni susaytirmaslik muhimligini ta’kidlagan.
Abror XON,
O‘zA