Aholiga sifatli va uzluksiz xizmat ko‘rsatish kommunal soha faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda filial hamda uning hududiy bo‘limlari mutaxassislari ishtirokida sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda, avvalo, 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. Yer osti gaz tarmoqlarini maxsus uskunalar orqali tekshirish, ularni bosim ostida zichlikka sinash va tozalash, gaz taqsimlash punktlarini taftishdan o‘tkazish, shuningdek, ma’nan eskirgan inshootlarni bosqichma-bosqich yangilash vazifalari belgilab olindi.
Tabiiy gaz tarmoqlarining himoya hududida joylashgan turar va noturar ob’ektlarni ko‘chirish ishlarini tizimli tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Bu jarayonda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, huquqiy me’yorlar buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “ArcGIS” gaz nazorati dasturi orqali tarmoqlarni raqamli xarita asosida monitoring qilish, nosozliklarni tezkor aniqlash va bartaraf etish imkoniyatlari qayd etildi.
Aholi o‘rtasida gazdan xavfsiz foydalanish madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi Bobur Abdulazizovning qayd etishicha, xonadonlarda gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish va xavfsizlik qoidalariga amal qilish yuzasidan tushuntirish ishlari muntazam olib borilishi lozim.
Yig‘ilish yakunida shahar va tumanlardagi hududiy bo‘limlarda obodonlashtirish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.