Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Kelajakka qadam” tadbirkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlaydi
11:34 / 2026-02-16

Kelajakka qadam — bu shunchaki loyiha emas, balki davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-fevralda qabul qilingan oliy ta’lim bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan amaliy mexanizmdir. Ushbu tashabbus yosh mutaxassislarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozori talablariga moslashtirish, eng muhimi — yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashni o‘z oldiga maqsad qilib olgan.

Qisqa fursat ichida loyiha minglab yoshlarning orzu-intilishlariga qanot bo‘la oldi. Ularni aniq maqsad, ishonch va harakat atrofida birlashtirdi. Aytish joizki, Andijon viloyati ushbu loyihani ilk bo‘lib tajribada sinab ko‘rgan hududlardan biri bo‘ldi. Bugun esa uning imkoniyatlaridan eng samarali foydalanayotgan, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida yetakchi hudud sifatida e’tirof etilmoqda. 

Xususan, Andijon viloyatida o‘tgan yilning 8 oyi davomida 290 ta loyihaga 15 millirad so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Shoxruh  Sapioxunov Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil olgan yillaridayoq kelajakka oid aniq rejalarni shakllantirib olgan edi. U o‘z biznesini yuritish, xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etib, viloyat aholisiga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishni niyat qilardi. Vaqt o‘tib, orzular asta-sekin real hayotga ko‘cha boshladi — oilaviy klinika tashkil etildi. Biroq bu bilan cheklanib qolmasdan, faoliyatini kengaytirish, xizmat turlarini ko‘paytirish istagi tug‘ildi. Ana shu maqsadni amalga oshirishda “Kelajakka qadam” loyihasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. 

Dastur doirasida u o‘z biznes-rejasini takomillashtirish uchun imtiyozli kreditga ega bo‘ldi. Ajratilgan sarmoya aniq maqsadga, puxta reja asosida yo‘naltirildi. Natija esa kutilganidan ham yuqori bo‘ldi — klinika faoliyati kengaydi, yangi ish o‘rinlari yaratildi, aholiga xizmat ko‘rsatish sifat jihatdan yangi bosqichga chiqdi.

– Oilaviy klinikamizda kosmetologiya xizmatini yo‘lga qo‘yish maqsadida bankning “Kelajakka qadam” markaziga loyihamizni taqdim etdik. Biznes rejamizga asosan, mazkur xizmatni yo‘lga qo‘yishimizda zarur bo‘lgan tibbiy uskunalarni olish uchun 1 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘idan foydalanish istagini bildirganmiz. Ko‘p o‘tmay mazkur loyihamiz “Kelajakka qadam” markazi tomonidan moliyalashtirildi va 2025-yilning iyun oyidan muassasasmizda kosmetologiya xizmati faoliyatini boshladi. Natijada klinikamizda qo‘shimcha 5 ta yangi ish o‘rni yaratildi, –deydi Shohruh Sapioxunov.

Loyiha tufayli bugun viloyatimizda bunday lider yoshlar safi kundan-kunga ortib bormoqda. Birgina Andijon davlat tibbiyot institutini oladigan bo‘lsak, so‘nggi bir yil ichida 50 ga yaqin bitiruvchining tashabbus va biznes g‘oyalari moliyalashtirildi. Ana shu yoshlarning g‘oyalari hayotga tatbiq etildi, intilishlari qo‘llab-quvvatlandi, o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlandi.

 – O‘tgan yilning o‘zida oliy o‘quv yurtimiz talabalari “Kelajakka qadam” markazi tomonidan 4 milliardlik imtiyozli kredit mablag‘laridan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi, – dedi ADTI xotin-qizlar masasalalari bo‘yicha rektor maslaxatchisi Gulhayo  Xolmatova.  – Asosiysi, mazkur loyiha talabalarning o‘z mutaxassisliklaridan tashqari, qo‘shimcha biznes loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘mak berayotgani bilan ahamiyatga ega. Ayniqsa, bu borada talaba qizlarimizning talab hamda takliflari markaz tomonidan doimo e’tiborda. 

Xo‘sh, loyiha doirasida ajratilayotgan kredit mablag‘larining asosiy afzalliklari nimada? Yoshlar, ayniqsa xotin-qizlar uchun yana qanday imtiyoz va qulayliklar nazarda tutilgan?

– Prezidentimizning 61-sonli qarori asosida Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash hamda ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha “O‘zmilliybank” AJ mas’ul etib belgilandi, – dedi bank menedjeri Baxtiyor  Odilov. – Talabalarga noldan boshlangan biznes g‘oyalarini amalga oshirishi uchun ikki yil imtiyozli davr bilan kredit mablag‘lari ajratilmoqda. Bundan foydalanishning talabi esa talaba o‘z nomidan firma ochadi yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tadi. Bitiruvchi talabalar uchun kredit olish jarayoni ancha soddalashtirilgan va qulay ham. 50 million so‘mgacha kredit oladigan talaba sug‘urta kafilligi asosida, 1 milliardgacha bo‘lgan kredit mablag‘i zarur bo‘lgan bitiruvchilar o‘z nomiga MCHJ tashkil etgan holda moliyaviy ko‘makka ega bo‘lishi mumkin. 

Aytish mumkinki “Kelajakka qadam” — yoshlarni faqat ish bilan ta’minlashnigina emas, balki ularni mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor va jamiyat ravnaqiga hissa qo‘sha oladigan yetakchi kadrlar sifatida kamol toptirishga xizmat qilayotgan loyihadir. Bu tashabbus orqali yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchi mustahkamlanmoqda, g‘oyalar amalga oshmoqda, orzular esa aniq reja va harakatga aylanmoqda. Zero, yoshlar qo‘llab-quvvatlangan joyda taraqqiyot bor, kelajak bor.

 “O‘zmilliybank” AJ

 matbuot xizmati