Mamlakatimizda yoshlarning bandligini ta’minlash, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish, xususiy sektor va tijorat banklari ishtirokida kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish borasida keyingi yillarda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2025 yil 14 fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham bu borada qilinishi kerak bo‘lgan aniq vazifalar belgilangan.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “Kelajakka qadam” dasturi asosida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ bilan hamkorlikda “Karera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbirda respublika, viloyatlar, shahar va tumanlar darajasidagi 100 dan ortiq tashkilot, muassasa, korxonalar va yirik tadbirkorlik sub’ektlari o‘zlarining 10 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari, tashkiloti haqida ko‘rgazmali hamda tarqatma materiallari bilan ishtirok etdi.
Mehnat yarmarkasi davomida “O‘zmilliybank” AJ huzuridagi “Kelajakka qadam” markazining universitetdagi filiali foydalanishga topshirildi. Mazkur markazda bundan buyon “O‘zmilliybank”ning xodimlari doimiy faoliyat yuritadi. Bu yurtimizda kichik biznesning rivojini ta’minlash orqali yosh mutaxassislarning kelgusi faoliyatlariga yangicha ruh bag‘ishlashi bilan e’tiborlidir.
“Karera kuni” mehnat yarmarkasida O‘zbekiston Milliy universitetga tutash mahallalar, Ichki ishlar organlari vakillari ham o‘z takliflari bilan qatnashdi. Tadbir davomida o‘nlab yoshlar, ko‘plab mahallalarda ish izlagan yurtdoshlarimiz o‘z ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekiston Milliy universitetida 56 ta bakalavriat yo‘nalishi, 59 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 34 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda. 98 ta doktorantura ixtisosliklari bo‘yicha 1000 dan ortiq yosh tadqiqotchilar ilmiy ish bilan shug‘ullanmoqda. Shundan 7 ming 500 nafardan ziyod bitiruvchilar yosh mutaxassis sifatida mamlakatimizning turli korxona va tashkilotlarida ishlab chiqarish bo‘g‘inlarida faoliyatga kirishadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WVBZCqgvVOc" title="“Kelajakka qadam” markazining universitetdagi filiali foydalanishga topshirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>T.Ro‘ziyev, N.Abduvoitov (video), O‘zA