Mamlakatimizda ertamiz davomchilari bo‘lgan yoshlarning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, ularning istiqbolli loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bugungi davlat siyosatining bosh mezoniga aylandi. Ayniqsa, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan “Kelajakka qadam” dasturi bu borada yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Ushbu ezgu tashabbus ijrosini ta’minlashda “O‘zmilliybank” Aksiyadorlik jamiyati nafaqat moliyaviy ko‘makchi, balki yosh tadbirkorlarning ishonchli hamkori sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Prezidentimizning 2025-yil 14-fevraldagi tegishli qarori asosida bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida boshlangan bu harakat Namangan viloyatida o‘ziga xos shiddat bilan davom etmoqda. Birgina 2025-yilning o‘zida “O‘zmilliybank” AJ Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan jami 9 milliard 895 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, 212 ta loyihaning hayotga tatbiq etilishi ta’minlandi. Bu raqamlar zamirida yuzlab yoshlarning taqdiri, yangi ish o‘rinlari va hududlarning iqtisodiy yuksalishi mujassam. Xususan, mablag‘larning salmoqli qismi — 1 milliard 905 million so‘mi 193 nafar bitiruvchining o‘zini-o‘zi band qilishiga, qolgan 7 milliard 990 million so‘mi esa 19 nafar yoshning yirik tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga xizmat qildi.
Bunday tizimli qo‘llab-quvvatlashning amaliy natijasini Uychi tumanida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkor Nodira Abdullayeva misolida ko‘rish mumkin. U o‘z xususiy klinikasini zamonaviy tibbiyot markaziga aylantirish maqsadida “O‘zmilliybank” AJdan 800 million so‘m miqdorida ko‘mak oldi.
[gallery-27888]
–Bir paytlar faqat orzu bo‘lib tuyulgan rejalarimiz bankning ishonchi va imtiyozli krediti tufayli bugun haqiqatga aylandi. Mablag‘ evaziga shifoxonamizni eng so‘nggi rusumdagi tibbiy jihozlar bilan boyitdik. Eng muhimi, faoliyatimiz kengaygani hisobiga yana 6 nafar tengdoshimni ish bilan ta’minladim. Ishchilarimiz soni 18 nafarga yetdi. Bu nafaqat biznes, balki aholi salomatligiga qo‘shilayotgan hissadir,” — deydi tadbirkor.
Shuningdek, tumanning “Alisher Navoiy” mahallasidan bo‘lgan bitiruvchi Hikmatilla Ummataliyev ham 800 million so‘mlik sarmoya evaziga maishiy texnika do‘konini ochib, o‘z tadbirkorlik maktabini yaratdi. Qurilish sohasida izlanayotgan yosh quruvchi Ayubxon Obidov esa bank ko‘magida “Renosanss biznes plyus” MCHJ faoliyatini yangi bosqichga olib chiqdi.
–2016-yildan buyon shaharsozlik ishlarida qatnashib kelayotgan bo‘lsak, 2025-yil faoliyatimizda burilish nuqtasi bo‘ldi, – deydi tadbirkor Ayubxon Obidov.. – ‘Kelajakka qadam’ dasturi doirasida olingan 1 milliard so‘mlik kredit aylanma mablag‘larimizni to‘ldirish, zamonaviy texnikalar sotib olishimizga imkon berdi. Natijada ishchilarimiz sonini 20 tadan 35 taga yetkazdik. Bu ‘O‘zmilliybank’ning yoshlar kelajagiga tikayotgan katta ishonchi ifodasidir.
Islohotlar zanjiri 2026-yilda ham uzilib qolgani yo‘q. Yil boshidan buyon yana 10 nafar istiqbolli yoshning loyihalari qo‘llab-quvvatlangani dasturning naqadar izchil va hayotiy ekanini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, “Kelajakka qadam” dasturi va “O‘zmilliybank” AJ ning moliyaviy ko‘magi bugungi kunda ko‘plab o‘g‘il-qizlarning orzulariga qanot bag‘ishlamoqda. Bu kabi xayrli ishlar nafaqat yoshlarning ijtimoiy bandligini ta’minlaydi, balki mamlakatimiz iqtisodiyotining yangi, yosh va g‘ayratli qatlamini shakllantirishga xizmat qiladi. Zero, bugun yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va berilayotgan imtiyozlar ertangi O‘zbekistonning mustahkam poydevoridir.
“O‘zmilliybank” AJ
matbuot xizmati