Andijon davlat universitetida “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi viloyat hududiy bo‘limining ochilishi hamda mazkur Markaz va viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik shartnomalarini imzolashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 14 fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida yoshlarning bandligini ta’minlash, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish maqsadida mamlakatimizda “Kelajakka qadam” dasturini amalga oshirish belgilangan.

“Kelajakka qadam” dasturida belgilangan vazifalar “O‘zmilliybank” AJ tomonidan tashkil etilgan “Kelajakka qadam” markazi tomonidan olib boriladi.
Dastlab “O‘zmilliybank” vakillari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, mutasaddilari ishtirokida Markazning Andijon viloyat bo‘linmasi tantanali ravishda ochildi. Markaz rahbari Elmurod Hoshimov ishtirokchilarga Markazning maqsad va vazifalari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumotlar berdi.

– Markaz oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni olib boradi, – deydi “Kelajakka qadam” markazi rahbari Elmurod Hoshimov. – Jumladan, joylardagi bo‘linmalar bilan zaruriy axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi, bitiruvchi talabalarning biznes ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha o‘quv-treninglar o‘tkazadi. Shuningdek, biznes rejalar tuzish, kredit hujjatlari to‘plamini tayyorlash bo‘yicha maslahatlar beriladi.

Markaz rahbari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari o‘rtasidagi muzokaralarda markaz faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, bitiruvchi bosqich talabalari uchun biznes-treninglar tashkil etish, ish beruvchilar ishtirokida ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarga individual kasbiy ta’lim dasturlarini taklif etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, bitiruvchilarning mehnat bozoriga integratsiyasini ta’minlash maqsadida yirik korxonalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va zarurat tug‘ilganda, ularni xorijiy oliy ta’lim muassasalaridagi qisqa muddatli kurslarga yo‘naltirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shundan so‘ng, “O‘zmilliybank” AJ huzuridagi “Kelajakka qadam” markazi va Andijon viloyatidagi 7 ta oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Ushbu kelishuvlar doirasida amalga oshiriladigan ishlar oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishlariga, kasbiy rivojlanishlariga keng imkoniyat yaratadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.