Ma’lumki, O‘zbekiston va Xitoy xalqlari o‘rtasidagi aloqalar tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Yurtimiz mustaqillikka erishganidan keyin, ya’ni 1992 yilning 2 yanvarida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan so‘ng, ming yillik tarixga ega bo‘lgan ikki davlat orasidagi aloqalar yangicha taraqqiyot va mazmun-mohiyat kasb etdi.
O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro sheriklik munosabatlari o‘zining o‘suvchanligi bilan ajralib turdiki, bugungi kunda ham siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar tobora ravnaq topib bormoqda.
Zamonaviy bosqichda ikki davlat o‘rtasida o‘zaro ishonchga, ochiqlik va hurmatga asoslangan faol siyosiy muloqot olib borilmoqda — mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha darajadagi delegatsiyalarning, birinchi galda, davlat rahbarlari darajasidagi muntazam tashrif almashuvlarning mavjud ekanligi bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi. Amalga oshirilgan tashriflar ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi muhim voqealar bo‘lib qolgani barobarida ko‘p qirrali O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining yanada kengayishi va chuqurlashuviga ko‘maklashdi.
Bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tobora mustahkamlanib borayotgan bugungi kunda yuqori malakali xitoyshunoslar, xitoy tili tarjimonlariga ehtiyoj kuchaymoqda. Ushbu holat esa o‘z navbatida, yuqori malakali xitoyshunos mutaxassislarni tayyorlash talabini kun tartibining asosiy masalalaridan biriga aylantirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limini isloh qilish, chet tillarining o‘qitilishi, jumladan, sharq tillari o‘qitilishiga ham jiddiy e’tibor qaratmoqda.
Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ikki yil avval xitoy tili darslari qayta tiklandi. Maktabda 1978 yildan to 1991 yilga qadar xitoy tili darslari olib borilgan. Bu davrda Toshkent davlat universiteti sharq tillari fakulteti va Rossiyaning Chita shahridagi pedagogika universiteti bitiruvchilari maktabda xitoy tilidan dars berishgan.
Tajribali pedagoglardan Tin Kalleriya Veniaminovna, Golobkov Vladimir Simyonovich, Qaunboyev Mirzabadal (hozirda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining katta o‘qituvchisi), Sirotkina Irina Yurevna, Oksana Sirijetova, Ganixadjayev Tolix Agafarovich, Chikina Janna, Yakubov Qayum, Ganji Musa, Emil Sattarovich, Zoya Vladimirovna kabi o‘z kasbining bilimdonlari mehnat qilishgan. Maktabda xitoy tili bo‘yicha o‘quvchilar olimpiadalari, shuningdek, o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilgan.
Maktab O‘zbekistondagi xitoy tiliga ixtisoslashgan 3 ta maktabdan biri bo‘lgan. Turli yillarda maktabni bitirib, o‘z mehnat faoliyatini aynan xitoy tili bilan bog‘lagan o‘quvchilar hozirda turli sohalarda faoliyat olib borishmoqda. Bulardan: Fatxulla Shukurov Chirchiq shahridagi kanopli qop ishlab chiqarish bo‘yicha “Xitoy – O‘zbekiston” qo‘shma korxonasi direktori, Sevara Madaminova O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati xodimi, Ra’no Zufarova “Sharq-Jahon” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi direktori, Olga Dimova Moskva sharq tillari instituti xitoy tili katta o‘qituvchisi, Dilfuza Badalova 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ingliz-rus tili o‘qituvchisi va boshqalar shular jumlasidandir.
Maktabda xitoy tili darslari 14 yil davomida olib borilgan. Biroq 1991 yilda noma’lum sabablarga ko‘ra xitoy tili darslari o‘quv rejasidan chiqarilgan.
Mamlakatimizda maktabgacha va boshlang‘ich ta’limga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Farzandlarimiz chet tillarini mukammal o‘rganishlari, chet eldagi nufuzli oliy bilim dargohlariga kirib tahsil olishlari uchun maktab va bog‘chalardan zamin yaratish maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, bu hozirgi zamon talabi.
2020 yildan Chirchiq shahridagi 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabida xitoy tili darslari qayta tiklandi. O‘quv rejasiga muvofiq darslar 1-7-sinflarda tashkil etildi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti maktabda xitoy tili darslarini tashkil etishda amaliy ko‘mak berib, universitet va maktab o‘rtasida shartnoma imzolandi.