Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kelajakka kiritilgan sarmoya
13:10 / 2025-08-25

Kelajak taraqqiyotining asosiy poydevori bu – bilim. Ayniqsa, moliyaviy savodxonlik alohida ahamiyatga ega. Yoshligidan moliyaviy qaror qabul qilishni o‘rgangan avlod ertangi iqtisodiyotimizga mustahkam poydevor qo‘ya oladi.

Shu maqsadda, “O‘zmilliybank” AJ poytaxt kutubxonalarida yoshlar uchun moliyaviy savodxonlik darslarini o‘tkazib kelmoqda. Bu tashabbus bolalarga pul haqidagi dastlabki bilimlarni berish, ularda iqtisodiy tafakkurni shakllantirish va kelajakka puxta zamin yaratishga qaratilgan.  

Mirobod tumani Temiryo‘lchilar kutubxonasida o‘tkazilgan ana shunday savodxonlik mashg‘ulotida o‘quvchilar pulning kelib chiqish tarixidan tortib, ilk va zamonaviy banknotalarning yaratilishigacha bo‘lgan jarayonlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Ayniqsa, turli davlatlarning valyutalarini o‘rganish va ularning o‘ziga xos dizaynlari bolalarning qiziqish va hayratini oshirdi.  

Yakkasaroy tumanidagi Bobur mahallasi kutubxonasida o‘tkazilgan moliyaviy savodxonlik darsida ham bolajonlar faol ishtirok etdi. Pulning tarixiy taraqqiyoti haqidagi ma’lumotlar ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Turli davlat valyutalari orqali dunyo pul madaniyatiga nazar solindi. Yosh tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, moliyaviy dunyo haqida ko‘proq bilim olishga intildi.  

Kelajak iqtisodchilari uchun o‘tkazilayotgan moliyaviy savodxonlik darslari Yunusobod tumanining “Xalqabog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini kutubxonasida ham qiziqarli va samarali mashg‘ulotlar tarzida tashkil etildi. Bu yerda jam bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘zlarini kelajak moliyachilaridek his qilib, savol-javob, fikr almashishda faollik ko‘rsatdi. Amaliy mashg‘ulotlar va o‘yinlar orqali bolalar byudjetni rejalashtirish, jamg‘arish va puldan oqilona foydalanishni o‘rgandi. Jarayon kelajak vorislariga pulning nafaqat savdo vositasi, balki milliy madaniyat va qadriyatlarning aksi ekanligini tushunishga yordam berdi.  

[gallery-24945]

Tadbirlar so‘ngida eng faol ishtirokchilar bank tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

“O‘zmilliybank” AJning ushbu tashabbusi yosh avlodni ongli, iqtisodiy savodli va yuksak tafakkurli insonlar etib tarbiyalashga hissa qo‘shishi bilan ahamiyatlidir.

Kamola Yusupova,  

Oybek Pardayev (surat), O‘zA