Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kelajakka ishonch uyg‘otadigan kuch
12:51 / 2026-01-31

Jizzaxda tashkil etilgan sport musobaqalari oddiy bellashuv doirasidan chiqib, jamiyatdagi turli avlod va qatlamlarni bir g‘oya atrofida jipslashtirgan ma’naviy voqeaga aylandi.

Bu maydonda g‘alaba uchun kurashdan ko‘ra, hamjihatlik, o‘zaro hurmat va sog‘lom hayot tarzi ustuvor ahamiyat kasb etdi.

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda imom-xatiblar, nuroniylar va uyushmagan yoshlar bir safda jam bo‘ldi. Bu esa sportning jismoniy imkoniyatlar bilan cheklanib qolmasdan, jamiyatdagi ma’naviy bog‘lovchi kuch ekanini yana bir bor namoyon etdi. Tadbirda viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Sahobiddin Boliyev ishtirok etdi.

Musobaqalar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyati vakilligi, Sport boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Mahalla boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi. Bunday hamjihatlikda o‘tkazilgan tadbirlar davlat siyosatida jismoniy tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va yoshlar bilan ishlash o‘zaro uyg‘un tarzda olib borilayotganini ko‘rsatadi.

Shashka va shaxmat maydonlarida zehnlar to‘qnashdi, sabr va tafakkur sinovdan o‘tdi. Ot yugurtirish musobaqalari esa tom ma’noda milliy ruhni uyg‘otdi — asrlar davomida xalq hayotiga hamroh bo‘lib kelgan an’analar yana bir bor jonlandi. Bu bellashuvlarda sport tarix, xotira va qadriyat bilan uyg‘unlashdi.

Eng muhimi, tadbir jarayonida yoshlar uchun hayotiy saboq maydoni yaratildi. Ular imom-xatiblardan ma’naviy barqarorlikni, nuroniylardan hayotiy tajribani, sport orqali esa intizom va qat’iyatni his etdilar. Bu esa yosh avlodni ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom va jamiyat taqdiriga befarq bo‘lmagan shaxs sifatida kamol toptirishga xizmat qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, musobaqalarda 50 nafar imom-xatib, 30 nafar nuroniy va 40 nafar uyushmagan yosh ishtirok etdi. Yakunlarga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ular Sahobiddin Boliyev tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Barcha ishtirokchilarga esa faollik va tashabbuskorlik uchun minnatdorlik bildirildi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bunday tadbirlar kelgusida ham davom ettirilib, jamiyatda sog‘lom raqobat, ma’naviy uyg‘unlik va ijtimoiy faollikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Zero, sport — bu faqat bellashuv emas, balki avlodlarni birlashtiradigan, kelajakka ishonch uyg‘otadigan kuchdir.

A. Qayumov, O‘zA