Munosabat

Prezidentimizning Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti yigit-qizlarimizning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantirishga yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Mamlakatimizda yosh avlod kamolotiga berilayotgan e’tibor, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik ko‘lami yildan-yilga kengayib borayotganini namoyon etdi. Oliy ta’lim muassasalari zimmasiga aniq vazifalar va yuksak mas’uliyat yukladi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugun yurtimizda 22 milliondan ziyod yosh bor. Bu ulkan kuch, beqiyos salohiyat va katta imkoniyat demakdir. Muloqotda yigit-qizlarning baxtli kamol topishi uchun yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, startaplarni moliyalashtirish, ilk ish o‘rniga ega bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirish, “Ikkinchi imkon” tamoyili asosida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish va xalqaro raqobatbardoshlikni ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Davlat yoshlarga sharoit yaratmoqda. Endilikda oliy ta’lim muassasalari bu sharoitdan natija yaratishi shart. Oliy ta’lim muassasasi faqat diplom beruvchi tizim emas, balki iqtisodiy o‘sish, innovatsiya va tadbirkorlik markaziga aylanishi lozim.
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida 9 ming 632 nafar bakalavr, 79 nafar magistrant hamda 198 nafar doktorant va mustaqil tadqiqotchi tahsil olmoqda. Talabalarga 339 nafar professor-o‘qituvchi ta’lim beradi. Ularning 14 nafari fan doktori va 126 nafar fan nomzodi unvoniga ega. O‘tgan yil universitetning ilmiy salohiyati 41 foizga yetdi. Bu yil ilmiy va innovatsion salohiyatni 55 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Ayni paytda oliy ta’lim muassasamiz “Akademik harakatchanlik” dasturi bo‘yicha mamlakatimizda ikkinchi o‘rinni egallab kelmoqda. 16 nafar yosh tadqiqotchi ilmiy-innovatsion faoliyati uchun g‘olib, deb topilib, ushbu yo‘nalishga 1 milliard 173 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.
Muloqotda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslardan kelib chiqib, biz kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarimizni belgilab oldik. Vazifamiz faqat bitiruvchilarga diplom berish emas, balki har bir bitiruvchini mehnat bozorida o‘z o‘rniga moslashtirish hamdir. Shu maqsadda korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirib, ish beruvchilar ishtirokida o‘quv dasturlari takomillashtiriladi. Amaliyot jarayonlari real ishlab chiqarish muhitiga yaqinlashtiriladi. Mehnat bozori talablariga javob beradigan, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan va mustaqil fikrlaydigan kadrlar tayyorlash universitet strategiyasining markaziy yo‘nalishi bo‘ladi.
Muhandislik va agrotexnologiya, xizmatlar sohalarida dual ta’lim tizimi keng joriy etiladi. Talabalar korxona va agroklasterlarda amaliy tajriba orttirib, o‘qish davrining o‘zidayoq kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘ladi. Universitet huzuridagi injenerlik startap markazi va yosh agroinnovatorlar laboratoriyasi faoliyati kuchaytiriladi. “Talaba – startapchi” modeli asosida g‘oyalarni tijoratlashtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Ilmiy ishlanmalar suv tejamkor texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, raqamli qishloq xo‘jaligi va issiq iqlim sharoitiga mos agrotexnologiyalar bo‘yicha amaliy loyihalarga xizmat qiladi. Talabalar tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirib, biznes rejalashtirish, moliyaviy savodxonlik, marketing va eksport faoliyati bo‘yicha malaka orttiradi. Faqat mutaxassis emas, balki qiymat yaratadigan tashabbuskor mutaxassislarni tarbiyalaydi.
Universitet 27 ta davlat bilan xalqaro hamkorlik aloqasini o‘rnatgan. Yakunlangan yil 33 nafar xorijiy professor-o‘qituvchi o‘quv jarayoniga jalb etildi. 61 o‘qituvchi xorijda stajirovka o‘tadi. 45 nafar xorijlik talaba akademik mobillik asosida tahsil oldi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar doirasida xalqaro hamkorlik va xorijiy tillar sifati yangi bosqichga olib chiqiladi. Akademik mobillik dasturlari kengaytiriladi. Onlayn xalqaro kurslar tashkil etilib, professor-o‘qituvchilar stajirovkalari hajmi ortadi.
Sport yo‘nalishida ham yuqori natijalarga erishish belgilab olindi. Zamonaviy sport infratuzilmasini rivojlantirish orqali respublika va xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar tayyorlanadi. Sportga nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki intizom, matonat va g‘alabaga ishonch maktabi sifatida ham yondashiladi.
Muloqotda har payshanba Yoshlar kuni sifatida belgilangani universitet hayotiga yangi mazmun baxsh etdi. Har payshanba Yoshlar kunida universitetimizda ochiq muloqotlar o‘tkaziladi. Har bir startap g‘oyasi tinglanadi. Har bir muammo yechimsiz qolmaydi, har bir iqtidor e’tibor markazida bo‘ladi.
Mavridi kelganda shuni aytish lozimki, kechagi muloqotda men yangi davr nafasini his etdim. 200 million dollar bu raqam emas, minglab orzularning moliyaviy qanotidir. “Kelajak tadbirkori”, “Mening birinchi kasbim”, “Yangi avlod tadbirkorlari”, “Ikkinchi imkon” bular nom emas, bular yoshlar taqdirini o‘zgartirish mexanizmidir. Yoshlarga “ikkinchi imkon” berilayotgan ekan, demak jamiyat kechagi xatoni emas, ertangi imkoniyatni tanlayapti. Yosh oilalarga ipoteka yengillashtirilayotgan ekan, demak davlat ularning orzu-o‘yini himoya qilmoqda. Kitobxonlik qo‘llab-quvvatlanayotgan ekan, demak tafakkurga sarmoya kiritilmoqda.
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti jamoasi belgilangan vazifalar ijrosida faqat ishtirokchi emas, faol tashabbuskor bo‘ladi. Universitetni shunchaki dars o‘tiladigan maskan emas, balki g‘oyalar ishlab chiqariladigan laboratoriya, startaplar tug‘iladigan maydon, agrotexnologik innovatsiyalar sinovdan o‘tadigan poligon va muhandislik yechimlari yaratiladigan markazga aylantiramiz.
Buning uchun universitetda yetarli infratuzilma va moddiy-texnik baza bor. “Avtomobil xo‘jaligi” laboratoriyasi, qurilish muhandisligi laboratoriya markazi barpo etilgan. Islom taraqqiyot banki va byudjet mablag‘lari hisobidan 12 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga laboratoriya uskunalari xarid qilindi. Robototexnika yo‘nalishi uchun 1,5 milliard so‘mlik jihoz olindi. Bugun bizning talabalar orasida ertangi yirik agroinjenerlar, yangi avlod texnologlari, katta tadbirkorlar, xalqaro maydonda mamlakat nomini yuksaltiruvchi olimlar ham bor. Bizda talabalar yer bilan ishlaydi. Ammo oddiy dehqonchilik emas, intellektual agrotexnologiya bilan ishlaydi. Bizda talabalar mexanizm yaratadi ammo oddiy texnika emas, energiya tejovchi va raqamli yechimlar bilan. Bizda talabalar biznes boshlaydi ammo shunchaki daromad uchun emas, qiymat yaratish uchun.
Yaratilayotgan imkoniyatlarni chuqur his etayotgan talabalarimizga nazarimda universitet devorlari torlik qilayotganga, yoshlarning fikri devorga sig‘mayotganga o‘xshaydi. Chunki, ular startaplar haqida gapirmoqda, agrodronlar yasamoqda, sun’iy intellektni qishloq xo‘jaligiga joriy etmoqda, energiya tejovchi texnologiyalar ustida bosh qotirmoqda.
Shu kunlarda viloyatdagi 114 ta “og‘ir” mahalla bosh rejalarini ishlab chiqish uchun universitetning 3-4 bosqich talabalari, magistrantlari va doktorantlaridan iborat 600 dan ortiq yosh mutaxassis saralab olingan. Ular mahalla infratuzilmasi va ijtimoiy holatni o‘rganib, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish, yashil hududlar, ijtimoiy ob’ektlar va kichik biznesni rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqdi. Hozir shu asosda mahallalar infratuzilmasini yangilash ishlari boshlab yuborilgan.
Men bir narsani angladim: universitet rektori bo‘lish lavozim emas, avlod oldidagi qarzdir. Agar bitta talabaning g‘oyasi qo‘llab-quvvatlansa, bu bitta biznes emas – bitta oilaning taqdirini o‘zgartiradi. Agar bitta yoshga “ikkinchi imkon” berilsa, bu bitta inson emas – jamiyatning adolatga ishonchi tiklanadi. Bu faqat bir shaxsning emas, butun avlodning kelajagiga mas’uliyat va shunga munosiblik bizning eng ulkan vazifamizdir.
Prezidentimiz ishsizlik va kambag‘allik muammolariga alohida e’tibor qaratar edi. Endi esa yoshlar masalasi alohida kun tartibiga qo‘yildi. Chunki yoshlar masalasi to‘liq yechimini topsa, bu nafaqat ularning shaxsiy kelajagini belgilaydi, balki ishsizlik va kambag‘allik kabi keng qamrovli ijtimoiy muammolarni ham bartaraf etishda muhim asos bo‘ladi. Shu tarzda yoshlar masalasini hal qilish butun jamiyatning farovonligiga xizmat qiladigan strategik qadamdir.
Rasul To‘rayev,
Termiz davlat muhandislik va
agrotexnologiyalar universiteti rektori, professor.
O‘zA