Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi doirasida poytaxtimizdagi umumta’lim maktablari chet tili o‘qituvchilari hamda xorijlik mutaxassislar uchun o‘quv-seminarlari tashkil etildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad — loyihani mazmun va metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda darajalar kesimida tayyorlangan materiallar bilan pedagoglarni yaqindan tanishtirishdan iborat.
Seminar davomida loyiha doirasida darslarni tashkil etish uchun ish rejalar va o‘quv materiallari haqida taqdimotlar ham bo‘lib o‘tdi.
Bunda asosiy va qo‘shimcha darslar, xorijiy tillarda so‘zlashuv klublarini o‘tkazishda metodik yondashuvlar yuzasidan tavsiyalar berildi. Shuningdek, ustozlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Aytish kerakki, Toshkent tajribasi asosida o‘tkazilayotgan "Kelajak uchun xorijiy til" loyihasi doirasidagi darslar 3-chorakdan boshlanishi rejalashtirilgan.
Darslar umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan xorijlik mutaxassislar tomonidan olib boriladi.
Tadbir davomida maktablarda xorijiy tillar fanini o‘qitish samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning til bilishga doir qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash kabi mavzular atroflicha muhokama qilindi.
Joriy yilning 6 yanvar kuni mazkur loyiha doirasida poytaxtimizdagi umumta’lim maktab direktor o‘rinbosarlari uchun ham o‘quv-seminarlari bo‘lib o‘tgan edi.
Seminarda chet tillarini o‘qitish darajasini oshirish maqsadida dars taqsimotini qayta ko‘rib chiqish, dars jadvallariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha maktab mas’ullariga zarur tushuntirishlar berildi.
[gallery-27019]
Joriy yildan boshlab “Kelajak uchun xorijiy til” – “Language for the future” loyihasiga start berilgan. Mazkur loyiha ilk bora Toshkent shahrida tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yilmoqda. Unda poytaxtdagi umumta’lim maktablarining qariyb 40 ming nafar 11-sinf bitiruvchilari qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Bunda eng avvalo, o‘quvchilarning tilni bilish darajasi baholanib, ularning o‘zlashtirish darajasi asosida guruhlarga bo‘lib o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
O‘tgan yilning 23-25 dekabr kunlari shu maqsadda poytaxtimizdagi maktablarda diagnostik baholash imtihonlari o‘tkazildi.
Joriy o‘quv yilining 3-choragidan boshlab esa dars mashg‘ulotlari bepul hamda intensiv tarzda, xorijiy tajriba asosida o‘tkaziladi. Bunda o‘quvchilar uchun muloqot klublari (speaking clubs) va oraliq sinovlar ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ushbu darslar maktabning har bitiruvchisiga bevosita xorijlik o‘qituvchilardan ta’lim olish imkoniyatini yaratadi. Mashg‘ulotlar xorijlik hamda malakali mahalliy o‘qituvchilar tomonidan o‘tkaziladi.
O‘quv yili yakunida o‘quvchilarning xorijiy til bilish darajasini aniqlash bo‘yicha Milliy sertifikat sinovlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 cyentyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga 500 nafar xorijiy mutaxassislar jalb etilishi belgilangan. Unga ko‘ra, 2023 yildan buyon ta’lim muassasalariga 1 ming 500 nafarga yaqin xorijiy mutaxassislar jalb etildi. Ular respublikamiz bo‘ylab o‘quvchilar va pedagoglar bilan o‘z bilimlarini bo‘lishib kelmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida belgilangan darajadagi sertifikatga ega xorijiy til ustozlarimizning soni 2021 yildagi 15 ming 884 nafardan, bugungi kunga kelib 38 ming 100 nafarga yetib, qariyb 5 barobarga o‘sish qayd etildi.
Bugungi kunda, qariyb 20 ming nafar C1 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar maoshlariga har oylik 100 foizlik ustama olib kelmoqda.
So‘nggi to‘rt yilda sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilarimizning soni ham deyarli 5 barobarga oshib, 53 ming 204 nafarga yetdi. 2021 yilda ushbu ko‘rsatgich 11 ming nafarni tashkil etgan.
Toshkent shahri misolida aytadigan bo‘lsak, sertifikatga ega xorijiy til o‘qituvchilarining ulushi 2022-2023 o‘quv yilida 37,3 foizni tashkil etgan bo‘lib, 2025 yil dekabr holatiga qadar qariyb 84,6 foizga o‘sish kuzatildi.
Sertifikatga ega o‘quvchilar soni 2022-2023 o‘quv yilida 3 ming 779 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-2025 o‘quv yilida ushbu ko‘rsatkich qariyb 1,7 barobarga oshdi.
N.Usmonova,Asliddin Alijonov (surat), O‘zA