Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Kelajak uchun xorijiy til": loyihada eng yaxshi natija qayd etgan maktab jamoasi xorij sayohatiga yuboriladi
18:15 / 2025-12-28

"Yangi O‘zbekiston" universitetida poytaxtimizdagi maktab direktorlari bilan muloqot tashkil etildi.

Unda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, mas’ullar, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbarlari va 300 nafardan ortiq maktab direktori qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ta’lim sohasida ham tub ijobiy burilishlar yasaganini ta’kidladi. 

Muloqot davomida “Kelajak uchun xorijiy til” loyihasidan kutilayotgan natijalar, o‘quvchilar uchun tashkil etilgan 3 kunlik test jarayonlari tahlili va kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, ishtirokchilarning fikr-mulohazalari atroflicha tahlil etildi. 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Toshkent tajribasi” asosida yaqindagina start berilgan “Kelajak uchun xorijiy til” (“Language for the future”) loyihasi yoshlarning chet tillarni o‘rganishini qo‘llab-quvvatlashga qaritilgani bilan ahamiyatlidir. 

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish va o‘quvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash.

Loyihaning birinchi bosqichida o‘quvchilarning til bilish darajasi aniqlanadi. Test asosida ishtirokchilarning natijalari baholanadi.

Olingan natijalar tahlil qilinib, o‘quvchilar turli darajalardagi guruhlarga ajratiladi. Debat, Movie, Speaking klublar, qo‘shimcha darslar, dastlabki sinov testlari tashkil etiladi.

Muhimi, bularning barchasi xorijlik o‘qituvchilar tomonidan bepul tashkil etiladi. 

Aytish kerakki, 2023 yildan hozirgi kungacha davlat umumta’lim muassasalariga 1 ming 500 nafardan ortiq yuqori malakali xorijiy mutaxassislar jalb etilgan.

Toshkent shahri misolida aytadigan bo‘lsak, sertifikatga ega o‘quvchilar soni 2022-2023 o‘quv yilida 3 ming 779 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-2025 o‘quv yilida ushbu ko‘rsatkich qariyb 1,7 barobarga oshdi.

Uchrashuvda yana bir quvonchli yangilik — loyihada eng yaxshi natija qayd etgan maktab rahbariyati, ushbu maktabdagi xorijiy til fani ustozlari va tuman bo‘limi rahbari xorijga yuborilishi e’lon qilindi.

Mazkur tashabbusga ko‘ra, o‘quv yili so‘nggida maktablarning natijalari tahlil qilinadi va maxsus yorliqlar beriladi. 

“Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi doirasidagi mashg‘ulotlar o‘quv yilining 3-choragidan boshlanishi rejalashtirilgan. Darslar xorijlik ustozlar tomonidan olib boriladi.

N.Usmonova,
O‘zA