Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kelajak uchun quyosh: Energiya, ekologik barqarorlik va umid...
10:46 / 2025-09-17

Markaziy Osiyodagi namunaviy loyiha xususida

“Yashil” iqtisodiyot faqat moliyaviy taraqqiyot manbai emas, balki tabiatni himoya qilish va kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratish yo‘lidir. Bu soha energiyani tejash, qayta tiklanadigan manbalardan foydalanish, chiqindini kamaytirish va ekologik toza texnologiya joriy etish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi. Qolaversa, energiya va resurs oqilona sarflanadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mamlakatning barqaror rivojlanishi ta’minlanadi. Masalan, quyosh va shamol energiyasidagi loyihalar nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqaradi, balki havoni toza saqlash, bug‘ gazi chiqindisini kamaytirish va ekologik ongli jamiyat barpo etishda muhim ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2025 yil “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” sifatida e’lon qilingan. Bundan ko‘zlangan maqsad barqaror rivojlanishni ta’minlash, tabiatni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish orqali aholiga toza va ekologik jihatdan barqaror muhit yaratishdir. Shu bois, qayta tiklanadigan energiya manbalari, xususan quyosh energiyasi yo‘nalishi doimo e’tibor markazida. O‘zbekiston quyosh nuriga boy bo‘lgani uchun diyorimizda bu turdagi energiyani hosil qilish imkoniyati keng.

Samarali loyihalardan biri...

Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida yo‘lga qo‘yilgan, umumiy quvvati 263 MVtga teng “Datang Buka” loyihasining taxminiy qiymati 150 million dollar. Ushbu mablag‘ to‘liq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobidan qoplanadi. Stansiya uchun 550.74 gektar maydon ajratilgan.

Joriy yil 27 avgust kuni majmuada “teskari elektr uzatish” sinovi muvaffaqiyatli yakunlandi.

“Datang Buka” quvvat stansiyasi “China Datang” korporatsiyasining xorijdagi ilk yangilanuvchi energiya sohasiga oid tashabbusidir. Loyiha to‘liq ishga tushgach, O‘zbekiston har yili 540 million kilovatt-soat “yashil” elektr energiyasiga ega bo‘ladi. Natijada 163 000 tonna shartli yonilg‘i tejaladi, 448 000 tonna uglerod gazi chiqindisi kamayadi. Shu bilan birga mahalliy energiya tizimining yashil va kam uglerodli yo‘nalishga o‘tishi qo‘llab-quvvatlanadi, O‘zbekiston – Xitoy yangilanuvchi energiya bo‘yicha hamkorligi doirasidagi mazkur muhim namunaviy loyihaga jalb etilgan sarmoya 220 million dollarga yetkaziladi.

– O‘zbekistonda bir necha quyosh elektrostansiyasi qurish rejasi e’lon qilingan, – deydi “Datang Buka New Energy Development” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori o‘rinbosari, “China Datang Corporation” vakili Lyao Veymin. – Bu mamlakatning qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga jiddiy intilishini ko‘rsatadi. Belgilangan hududda so‘nggi texnologiya asosida umumiy 320 MVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatila boshlandi.

Loyiha doirasida tashkil etilgan 1 megavattlik sinov quvvat maydonida turli tayanch qurilmalar, modulik panel va invertorlar o‘rnatilib, elektr ishlab chiqarish samaradorligi qiyosiy tahlil qilindi. Shu tariqa respublikada yangilanuvchi energiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni ta’minlaydigan muhim ma’lumot bazasi yaratildi.

Korporatsiya haqida...

Xitoyning yirik energetika kompaniyalaridan biri sanaladigan “China Datang Corporation” asosan elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona xorijda ham energetika infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etadi, eksport va texnologiya hamkorligi orqali “yashil energiya” loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

– 2002 yil dekabrda tashkil etilgan jamoamiz faoliyati elektr energiyasi, ko‘mir va  kimyoviy mahsulotlar kabi strategik rivojlanayotgan yo‘nalishlarni qamrab olgan, – deydi “China Datang Overseas Investment Co., Ltd” bosh direktori o‘rinbosari Chen Yonjuyu. – Korporatsiya 45 quyi bo‘g‘in korxonasi, 3 to‘g‘ridan-to‘g‘ri muassasa va 5 kompaniyani boshqaradi. 2024 yil oxirida biz o‘rnatgan generatsiya qurilmalari quvvati 200 million kilovattdan oshdi. Bu miqdorning qariyb 50 foizi tozalangan energiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayni payt faol va endi barpo etilayotgan majmualarimiz Xitoyning barcha viloyatlari hamda O‘zbekiston, Myanma, Kamboja, Laos va Indoneziya kabi qator xorijiy mamlakatlarda joylashgan. Korporatsiya 16 yil davomida uzluksiz ravishda “Fortune Global 500” ro‘yxatidan o‘rin olib kelmoqda. Joriy yil xorijiy hamkorlar bilan birga 1 million kilovatt quvvat uchun tasdiq olish, 1 milliard 412 million kilovatt quvvatda qurilish boshlash hamda 263 000 kilovatt quvvatni tijoriy faoliyatga topshirish maqsadi ko‘zlangan. Qayd etishim joiz, “Datang Buka” stansiyasi O‘zbekistonning “yashil” energetika sohasidagi keng ko‘lamli dasturi asosida amalga oshirilayotgan, mamlakat uchun samarali loyiha. Shu bilan birga respublikada energetika xavfsizligini ta’minlash, “yashil” energetikaga o‘tish, eng muhimi qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.

Kelajakda...

“Datang Buka” quvvat stansiyasi loyihasi doirasida quyosh foto-elektr stansiyasini yagona elektr tizimiga ulash uchun uzatish tarmog‘i barpo etish ham ko‘zda tutilgan. Majmua foydalanishga topshirilgach, uzatish tizimi O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari aksionerlik jamiyatiga topshiriladi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA muxbiri